12:05 / 15.05.2022
31732

«Bevosita va ochiq muloqot». Finlandiya prezidenti mamlakat NATOga kirishini aytish uchun Putinga qo‘ng‘iroq qildi

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo o‘z mamlakati yaqin kunlarda NATOga a’zo bo‘lib kirishga ariza topshirishi haqida aytish uchun Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Finnlar yetakchisi tomonidan tarqatilgan rasmiy xabarda aytilishicha, bu qaror ham Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, ham rasmiy Moskvaning Shimoliy Atlantika alyansi kengayishiga qarshi e’tirozlari bilan bog‘liq.

Foto: Getty Images

Niinistyoning so‘zlariga ko‘ra, u Putinga «Rossiyaning 2021 yil oxirida boshqa mamlakatlarning NATOga a’zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi talablari hamda 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini Finlandiya uchun xavfsizlik holatini tubdan o‘zgartirgani»ni aytgan.

«Muloqot to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq o‘tdi, hech kim qizishmadi. Keskinlikning oldini olish muhim ekani ta’kidlandi», deya xabar qilgan Finlandiya prezidenti.

«Prezident Niinistyo 2012 yil Putin bilan uchrashuvda har qanday mustaqil millat o‘z xavfsizligini maksimal darajada ko‘tarishga urinishi haqida gapirganini ta’kidlagan. NATOga qo‘shilish orqali Finlandiya aynan o‘z xavfsizligini mustahkamlaydi», deyiladi Finlandiya prezidenti rasmiy saytida.

Rossiya bilan 1,3 ming kilometrlik umumiy chegaralarga ega bo‘lgan Finlandiya ko‘p yillar mobaynida harbiy alyanslarga kirishdan tiyilib kelgan, buning sabablaridan biri Rossiya bilan (avval esa sovetlar ittifoqi bilan) munosabatlarni keskinlashtirmaslik istagi edi.

Finlandiya hukumati mamlakat NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirmasligi haqidagi xabardan keyin Rossiya TIV «ham harbiy-texnik, ham o‘z milliy xavfsizligiga tahdidlarni to‘xtatish bilan bog‘liq boshqa choralar» bilan javob qaytarilishini ma’lum qildi.

Kremlning Putin va Niinistyo o‘rtasidagi muloqot to‘g‘risidagi xabarida aytilishicha, bu «Finlandiya rahbariyatining NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirishi rejasi bilan bog‘liq ochiq fikrlar almashinuvi» bo‘lgan.

«Vladimir Putin an’anaviy harbiy betaraflik siyosatidan voz kechish xato bo‘lishi, chunki Finlandiya xavfsizligiga hech qanday tahdid yo‘qligini qayd etdi. 

Mamlakat tashqi siyosatida kursning bunday o‘zgarishi uzoq yillar mobaynida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik asosiga qurilgan Rossiya-Finlandiya munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deyiladi Rossiya prezidenti matbuot xizmati bayonotida.

Yaqin vaqtlar ichida Shvetsiyada ham NATOga a’zo bo‘lib kirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi kutilmoqda - Skandinaviyaning bu mamlakati 200 yildan ortiq vaqt mobaynida biror harbiy ittifoqqa a’zo bo‘lmagan.

Rossiya Finlandiyani elektr ta’minotidan uzdi

Rossiya va Finlandiya munosabatlari sovuqlashishi belgilaridan biri Moskvada 14 maydan Helsinkiga elektr energiya yetkazib berishni to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilinishi bo‘ldi.

Rossiyaning «Inter RAO» energetika kompaniyasiga tegishli RAO Nordic Oy firmasi xabariga ko‘ra, bu qaror Nord Pool energetik birjasida sotilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar 6 maydan  buyon qilinmagani tufayli qabul qilingan. 

Bu bayonot Finlandiya hukumati mamlakat NATOga a’zo bo‘lib kirmoqchiligi to‘g‘risida e’lon qilgan kunning ertasiga yangradi.

Finlandiya energotizimi ma’muriyati vakili Reyma Payvinen BBC bilan suhbatda Rossiyadan energiya ta’minoti to‘xtatilishi iste’molchilarda uzilishlarga olib kelmasligini ma’lum qilgan. Uning izohlashicha, Rossiyadan kelayotgan elektr energiyasi umumiy iste’mol hajmining bor-yo‘g‘i 10 foizini tashkil qiladi va muammoni boshqa manbalar, xususan Shvetsiyadan importni oshirish hisobiga bartaraf etish mumkin bo‘ladi.

Juma kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Niinistyo va Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson bilan telefon muloqoti o‘tkazib, bu mamlakatlarning NATOga a’zo bo‘lib kirishi masalasini muhokama qilgan.

Oq uy xabariga ko‘ra, Bayden va ikki mamlakat yetakchilari NATOning ochiq eshiklar siyosati hamda «Finlandiya va Shvetsiya o‘z kelajagi, tashqi siyosati va xavfsizlik choralari bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishi» haqida gaplashishgan.

NATOga a’zo bo‘lib kirish uchun murojaat qilish to‘g‘risidagi qaror hali finn parlamenti tomonidan qabul qilinishi kerak. Katta ehtimol bilan bu ro‘y beradi, chunki avvalgi yillardagidan farqli o‘laroq, mamlakat aholisining ko‘pchilik qismi Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lib kirishni yoqlamoqda.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha so‘rovlar ko‘rsatishicha, hozirda Finlandiyada bu qarorni aholining 76 foizi qo‘llab-quvvatlaydi, qarshilar - atigi 12 foiz atrofida. Bu odatda aholisining yarmi alyansga kirishga qarshi chiqib kelgan mamlakatda jamoatchilik fikrining keskin o‘zgarishi hisoblanadi.

Turkiya Finlandiya va Shvetsiya uchun «NATO eshiklarini yopmaydi»

BBC korrespondenti Frenk Gardnerning yozishicha, Putin avvalroq Finlandiyani NATOga a’zo bo‘lish oqibatlaridan ogohlantirgan, ammo ma’lum bo‘lmoqdaki, bu ish bermagan. Uning Ukrainaga hujum qilishi u eng ko‘p qo‘rqqan reaksiyani yuzaga keltirdi: NATO Rossiya chegaralarigacha kengayadi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning pozitsiyasi Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishi yo‘lida hech bo‘lmaganda vaqtinchalik to‘siq bo‘lishi mumkin. Biroz avvalroq Erdo‘g‘an ushbu mamlakatlarning alyansga qabul qilinishi haqida «ijobiy fikr»ga ega emasligini, «Skandinaviya davlatlari terrorchilik tashkilotlari uchun mehmon uyiga o‘xshashi»ni aytgandi. Turkiya ko‘plab turk muhojirlari yashaydigan Shvetsiyani ekstremistik kurd guruhlari, shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyadagi isyon tashkilotchisi deb e’lon qilgan Fathulloh Gulen tarafdorlariga boshpana berganlikda ayblab keladi.

NATOga yangi a’zo qabul qilinishi uchun alyansning barcha a’zolari, jumladan Turkiyaning ham birgalikdagi qarori talab etiladi. Ammo Anqara o‘tmishda ham NATOning sharq tomon kengayishiga shu kabi e’tirozlar bildirgan va yakunda bu e’tirozlar a’zolik jarayoniga to‘sqinlik qilmagan.

Shanba kuni Erdo‘g‘anning rasmiy vakili Ibrohim Qalin Reuters bilan suhbatda Turkiya «NATO eshiklari»ni Finlandiya va Shvetsiya uchun yopmasligi hamda ularning a’zo bo‘lish shartlarini muhokama qilishga tayyorligini aytdi. «Finlandiya va Shvetsiyada o‘z milliy xavfsizligidan tashvishlanadigan jamoatchilik bo‘lsa, bizda ham o‘z xavfsizligi uchun xuddi shunday tashvishlanadigan jamoatchilik bor. Biz buni umumiy nuqtai nazardan ko‘rishimiz kerak», degan u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top