13:00 / 15.05.2022
8127

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi Muborakdagi faoliyati tugatilgan tabiiy gaz quduqlarini ta’mirlash orqali qayta ishga tushirish ishlari holatini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tegishli konlarda ko‘p yillar davomida ishlatilishi natijasida tugatilgan quduqlarda kapital ta’mirlash ishlarini bajarish orqali ularni qayta ishga tushirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati o‘rganildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Konlardagi eski quduqlarda ta’mirlash ishlarini bajarish maqsadida Respublika hududida ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan “O‘zneftgazquduqta’mirlash” AJ hamda “Andijonneftgazquduqta’mirlash” MChJ kabi asosiy pudratchi korxonalar jalb qilindi.

Ushbu korxonalarga qarashli bo‘lgan jami 16 ta kapital ta’mirlash dastgohlari yordamida joriy yilning yanvar-aprel oylarida Muborak boshqarmasiga qarashli 134 ta quduqlarda kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari amalga oshirilishi natijasida, qo‘shimcha ravishda 78 mln kub metr tabiiy gaz hamda 2 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, boshqarmadagi konlardan tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish bilan bir qatorda uglevodorod xomashyosi zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida ham bir qator keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Masalan, "G‘arbiy Tegirmon", "Tegirmon", "Dengizko‘l", "Janubiy Kemachi", "O‘rtabuloq", "Pomuq", "Alan" va boshqa gaz konlarida uzoq vaqt ishlatilishi natijasida mahsulot olish to‘xtab qolgan va tugatilgan eski quduqlarning ma’lumotlari chuqur tahlil qilinib, ularda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha uglevodorod xomashyosi qazib olinishiga erishilmoqda.

Yaqin kunlarda esa 1970 yilda "Pomuq" konidagi geologik vazifasini o‘tab tugatilgan 15-sonli quduqda mutaxassislar tomonidan uning geologik va geofizik ma’lumotlari qayta o‘rganilishi natijasida, quduqni 3100 metrgacha chuqurlashtirish va yangi istiqbolli qatlamlarni mahsuldorlikka sinash uchun ta’mirlash dastgohi ko‘chirib o‘tkazilib, ishlab chiqarishga qaytarish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, "Janubiy Kemachi" konining raqamli 3D geologik va gidrodinamik modellarini qayta tahlil qilish natijasida mahsulot qazib chiqarish hajmlari kamayib ketgan 79 va 81-sonli quduqlar yura davrining quyi qatlamlarigacha chuqurlashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqildi hamda bu boradagi ishlar tasdiqlangan grafik asosida jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

Ushbu quduqlarni ishlab chiqarishga qaytarish uchun pudratchi qilib, “O‘zbekneftgaz burg‘ilash ishlari” MChJ va “Maxsusenergogaz” AJ korxonalari jalb qilingan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tegishli konlar va quduqlar faoliyatini qayta o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top