19:07 / 20.05.2022
4551

Davlat xizmatlari markazlariga keluvchilarning 90 foizi rozi - so‘rovnoma natijasi

Adliya vazirligi, Yevropa ittifoqi hamda BMT Taraqqiyot dasturi “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlari ko‘rsatishni yaxshilash va boshqaruv tizimini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida “PricewaterhouseCoopers” (PwC) xalqaro kompaniyalar tarmog‘i tomonidan Davlat xizmatlari markazlari faoliyati o‘rganildi.

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, o‘rganish suhbatlar, anonim so‘rovlar va “sirli mijoz” murojaatlari shaklida o‘tkazilib, unga DXMlarning 100 dan ortiq xodimi hamda 200 ga yaqin respondent jalb etilgan.

Olingan natijalarga ko‘ra, 81 foiz foydalanuvchi DXM xodimlarining sifatli xizmat ko‘rsatishlariga guvoh bo‘lgani, aksariyat “sirli mijoz”lar esa navbat kutmasdan darhol maslahat olganini bildirgan.

Kutishga to‘g‘ri kelgan holatlar uzog‘i bilan 15 daqiqani tashkil etgani qayd etilgan.

Fuqarolarning katta qismi, ya’ni 90 foizi ko‘rsatilayotgan xizmatlardan qoniqish hosil qilib, faoliyatni a’lo baholar bilan baholashgan, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, PwC – konsalting va audit sohasida dunyodagi eng yirik to‘rtta kompaniyadan biri. Bosh qarorgohi Londonda joylashgan kompaniya 160 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat ko‘rsatib keladi.

Top