07:31 / 16.06.2022
3436

O‘zbekistonda mavjud 120 ta shahardan 118 tasining bosh rejasi ishlab chiqilgan 

O‘zbekistonda mavjud 120 ta shahardan 118 tasi bosh rejasi ishlab chiqilgan, Toshkent shahri bosh rejasini tayyorlash bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Bu haqda AOKAda Qurilish vazirligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, mamlakatda 120 ta shahar va 1080 ta shaharchalar mavjud bo‘lib, 120 ta shahardan 118 tasi, 98 foizi bosh rejalari ishlab chiqilgan. Shaharchalar 205 tasida ham bu ishlar olib borilgan. Qishloq joylardagi aholi punktlari 30 foizi me’moriy rejalashtirish loyihalari bilan ta’minlangan. 

Mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlari shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha uch yillik dasturi asosida 214 ta mahalla bosh rejalari takomiliga yetkazilgan, 108 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari bosh rejalari shu yil oxiriga qadar yakuniga yetkaziladi. 

Qayd etilishicha, “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasida Toshkent shahri bosh rejasini tayyorlash bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Poytaxt qurilishida nimalarga e’tibor qaratish kerak, infratuzilma, transport, logistika, yashil hududlar, bino va inshootlar joylashuvida shaharsozlik normalari, bunda rivojlangan davlatlar tajribasi kabi turli xil qarashlar ilmiy asosda amaliyotga integratsiya qilinmoqda. 

Qurilish vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan shahar, shaharchalar va qishloq (ovullar) MFY aholi punktlari bosh rejalari va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish xarajatlari uchun 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘ni 28 ta shahar va shaharchalar, 108 ta qishloq aholi punktlari shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, jami 31 ta Yangi O‘zbekiston massivlari qurilish loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirish maqsad qilingan.

Top