19:47 / 21.06.2022
9525

Mask uch oy ichida Tesla xodimlarining 10 foizi ishdan bo‘shatilishini aytdi

Hozirda Tesla kompaniyasining butun dunyodagi ishchilari soni 100 ming nafarni tashkil etadi va yangi zavodlar qurilishi hisobiga ishchilar soni oshib bormoqda.

Foto: Patrick Pleul

Tesla kompaniyasi bosh direktori Ilon Mask kompaniya shtati uch oy ichida 10 foizga qisqartirilishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, uning qayd etishicha, soatbay ishlaydigan ishchilar ulushi o‘sishi hisobiga kompaniya umumiy xodimlari soni faqat 3-3,5 foizga qisqaradi.

Bloomberg agentligining yozishicha, hozirda Tesla kompaniyasining butun dunyodagi ishchilari soni 100 ming nafarni tashkil etadi va yangi zavodlar qurilishi hisobiga ishchilar soni oshib bormoqda.

Qisqartirishlar hozircha kadrlar bo‘limi va muhandis-dasturchilarga aloqadorligi ko‘pchilikni hayron qoldirdi: ayrimlar hech qanday ogohlantirishsiz ishdan bo‘shatilgan, deya qayd etadi agentlik.

Kompaniyaning Rino shahridagi zavodining ikki xodimi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, ularni 60 kun avval ogohlantirmasdan ishdan bo‘shatishganini bildirishgan.

Mask bu da’vo «hech qanday yuridik kuchga ega emas»ligini aytdi.

Avvalroq Mask iqtisodiy vaziyat sababli Tesla xodimlari soni 10 foizga qisqartirilishini bildirgandi.

Mavzuga oid
Top