10:39 / 28.06.2022
7624

Ispaniya O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda

Foto: TIV axborot xizmati

Ispaniya dastlab Toshkentda doimiy diplomatik missiyasi ta’sis etib, keyinroq elchixona ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov ma’lum qildi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, kecha, 27 iyun kuni Vladimir Norov va Ispaniya Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) etib tayinlangan Markos Gomes Martinesni qabul qildi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston-Ispaniya siyosiy muloqotni faollashtirishi, turli darajadagi tashriflar tashkil etish, xalqaro institutlar doirasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish masalalarini muhokama qilgan.

Markos Gomes Ispaniya O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy davlat deb bilishini va respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. Shuningdek, O‘zbekistonda Ispaniya universitetlarining filiallari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarini ochish, ispaniyalik mutaxassislar va o‘qituvchilarni O‘zbekistonga jalb etish masalalari muhokama qilingan.

27 iyun kuni, shuningdek Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev ham Ispaniya elchisi bilan uchrashib, Afg‘onistondagi vaziyat va bu mamlakatga yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qildi.

Mavzuga oid
Top