10:40 / 29.06.2022
8204

Kamoliddin Rabbimov: «O‘zbekiston Konstitutsiyasi konseptual islohotlarga muhtoj»

Aholisi 36 milliondan oshgan va borgan sari katta tezlikda o‘sayotgan, o‘rta sinf qatlami kengayib borayotgan, davlatning ijtimoiy himoya siyosati uchun imkoniyatlar va zaruratlar oshib borayotgan O‘zbekiston jamiyati uchun, yangi Konstitutsiya – tabiiy zarurat deb hisoblaydi siyosatchi. 

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusi, 2021 yilning oxirlarida Prezident Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi. Shu o‘tgan davr ichida, 1992 yil dekabrida qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasi, ma’nan ancha eskirganligi ko‘p marta aytildi. Haqiqatda, O‘zbekistonning joriy Konstitutsiyasi konseptual o‘zgarishlarga muhtoj ekanligini ko‘p yillardan beri ta’kidlab kelaman. 

Ayni paytda, O‘zbekistonda boshlangan joriy konstitutsiyaviy islohotlar, davlatning va jamiyatning ehtiyojlari o‘rtasidagi kompromiss bo‘lishi ehtimoli yuqori. Jamiyat uchun huquqiy-demokratik davlatchilikka tezlashtirilgan kursda o‘tib borish g‘oyasi, tabiiyki, jozibador. Lekin davlatning ham ma’lum siyosiy va geosiyosiy xavotirlari hamda hali yechimi shakllanib ulgurmagan vazifalari borki, oliy hokimiyatning markaziy motivlaridan biri – siyosiy maydondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘lishi mumkin. 

Ushbu tahliliy dokladda, ko‘proq davlatning ichki qarashlari, ehtiyojlari, xavotirlarini tahlil qilishga harakat qilinadi. Tahlilning asosiy maqsadi – hokimiyatning ichki motivlarini tushunish hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston vatandoshlik jamiyatiga ham ma’lum tavsiyalar ishlab chiqishga harakat qilinadi. 

Eskirgan Konstitutsiya va konstitutsiyaviy islohotlar zarurati

1.1. O‘zbekistonning joriy Konstitutsiyasi 1992 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘sha davrdagi ancha sodda siyosiy va huquqiy qarashlarni rasmiylashtirgan edi. Bugungi kunga kelib, joriy Konstitutsiya allaqachon jiddiy islohotlarga muhtoj edi. Unda qadriyatlar bo‘limi mexanizmlar joriy qilish darajasiga bormagan. Qolaversa, davlat institutlari va ular o‘rtasidagi vakolatlar muvozanati borasida ham, jiddiy nomutanosibliklar yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. 

1.2. O‘zbekiston Konstitutsiyasi konseptual islohotlarga muhtoj. Konseptual deganda, avvalambor, Bosh Qonunning ruhiyati, ohangi jiddiy o‘zgarishi, qadriyatlar chuqur va keng ta’kidlanishi lozim. Ya’ni, konstitutsion qadriyatlar ijtimoiy fikrda chuqur muhrlanish darajasiga yetib borishi kerak. Davlat institutlari va ular o‘rtasidagi vakolatlar esa, jiddiy bir shaklda qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. 

1.3.  O‘zbekistonliklar ijtimoiy fikrida bir qarash borki, unga ko‘ra «Konstitutsiya imkon qadar zamonlar va makonlar osha universal bo‘lishi kerak» deyiladi. Aslida, davlatlarning konstitutsiyalari o‘zgarib, takomillashtirilib turishi – davlatlar tajribasida normal holat hisoblanadi. Ba’zi demokratik davlatlarda haliga qadar konstitutsiyalar mavjud emas. Boshqalarida esa, ko‘plab o‘ta muhim huquqiy-siyosiy jarayonlar konstitutsiya bo‘limlari va moddalari bilan emas, qonunlar va boshqa huquqiy aktlar bilan tartibga solinadi. Shuning uchun ham, asosiy masala, bu konstitutsiyalarning qanchalik tez o‘zgarishi emas, o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati hisoblanadi. 

1.4. Aholisi 36 milliondan oshgan va borgan sari katta tezlikda o‘sayotgan, o‘rta sinf qatlami kengayib borayotgan, davlatning ijtimoiy himoya siyosati uchun imkoniyatlar va zaruratlar oshib borayotgan O‘zbekiston jamiyati uchun, yangi Konstitutsiya – tabiiy zarurat hisoblanadi. 

1.5.  Ikkinchi ma’muriyat davrida O‘zbekiston davlat boshqaruv falsafasi o‘zgardi. Qattiq avtoritarizm, ijtimoiy tafakkurni qo‘rquv bilan boyitish siyosati tarixda qoldi. Bugun O‘zbekistonda ratsional boshqaruv shakllanib ulgurdi. Davlat hokimiyati, ichki va tashqi siyosatda vazminlik va ratsionallik orqali muammolarni anglash, rasmiylashtirish va yechim izlash tizimini shakllantirib ulgurdi. 

1.6.  Natijada, O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi dunyoqarashi, tafakkuri va harakatlar strategiyasi mutlaq boshqa o‘zanga ko‘chdi. Ushbu omillar hisobiga, O‘zbekistonda yangi Konstitutsiya qabul qilish – davlat tafakkuri va global reputatsiyasini o‘zgartirish yangi dunyoqarashni rasmiylashtirishning tarixiy shartlaridan biri hisoblanadi. 

1.7.  O‘zbekiston yangi Konstitutsiya qabul qilar ekan, endigi yondashuv, ushbu qabul qilingan yangi Bosh Qonun ijrosiga jiddiy ahamiyat qaratish lozim bo‘ladi. Ikkinchi ma’muriyat davrida, O‘zbekistonda vatandoshlik (fuqarolik) jamiyati beixtiyor shakllanib, mustahkamlanib boradi. Buning ichki va tashqi sabablari juda kuchli.

1.8.  Bugungi davlat boshqaruvi zehniyatida birinchi ma’muriyat davridagi kabi jamiyat va uning ehtiyojlari bilan konseptual tirashuv mavjud emas. Ijtimoiy fikrdagi davlatdan qo‘rquv borgan sari erib bormoqda. Jamiyatda davlatga nisbatan erkin, tanqidiy va yoki ijobiy qarashlar shakllanib boraveradi. 

1.9.  Globallashgan dunyoda ijtimoiy tarmoqlar har bir insonga cheksiz ma’lumot olish va tarqatish imkoniyatlarini taqdim qilib turgan bir paytda O‘zbekiston davlatchiligi ijtimoiy fikrni inkor etish – noratsional va teskari effekt beruvchi omil ekanligini amaliyotga ko‘ra tan oladi. 

1.10.  Ijtimoiy fikrdagi tanqidiy fikrlash ham, ikkinchi ma’muriyatning tarixiy yutuqlaridan biri hisoblanadi. Tanqidiy fikrlash va uni izhor qilish, ya’ni, jamiyat tomonidan muammolarni anglash va bu ongni bildirish nafaqat muammolar borligini va ularga yechim izlanayotganligini, balki siyosiy tafakkur erkinligi darajasini ham ko‘rsatadi. 

1.11.  Ijtimoiy-siyosiy tafakkur o‘sgan sayin tanqidiy fikrlash o‘sib boradi. Ayni paytda bu tafakkur natijasida jamiyat va davlat o‘rtasidagi ishonch tarmoqlari o‘zaro tushunish va hamkorlik ham o‘sib borishi kuzatiladi. Chunki jamiyat hokimiyatni qanchalik tanqid qilmasin ijtimoiy-siyosiy barqarorlik o‘z iznidan chiqib ketishidan, tomonlar manfaatdor emasligi kuzatiladi. Ayni paytda, O‘zbekiston vatandoshlik (fuqarolik) jamiyati, hali boshlang‘ich rivojlanish pallasida ekanligi ma’lum. Shuning uchun, vatandoshlik jamiyati va uning siyosiy qarashlarini rivojlantirish, ratsionallashtirish – muhim vazifalardan biri hisoblanadi. 

1.12. O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar e’lon qilinishi bilanoq jamiyat tomonidan birini ma’muriyat davrida kuzatilmagan faol, erkin va tanqidiy yondashuvlar kuzatildi. Jamiyat tomonidan taklif qilingan g‘oyalar va loyihalar zamirida, O‘zbekistonni huquqiy-demokratik qilishga qaratilgan, hokimiyatlar bo‘linishini va o‘zaro tegib turuvchi mexanizmlarni tartibga soluvchi qarashlar ham juda salmoqli ekanligini ko‘rish mumkin. Ya’ni, o‘tgan besh-olti yil ichida, jamiyatning vaziyatga ishonchi jiddiy o‘zgardiki, qo‘rquv va ehtiyotkorlik emas, ratsional va tanqidiy fiklash odatiy holatga aylandi.

(davomi bor) 

Kamoliddin Rabbimov,
Siyosiy tahlilchi

Manba: Azon.uz

Top