08:31 / 29.06.2022
15978

Ukraina Rossiyani sudga berdi

Ukraina IHeSga bergan da’vosida o‘z hududiga harbiy bostirib kirishi natijasida Rossiya ko‘plab insonlar huquqlarini poymol qilganini bildirgan. Xususan, Kiyev Moskvani tinch aholiga qaratilgan hujumlarda ayblamoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi / Foto: Picture Alliance

Ukraina Moskvani harbiy aralashuvda va xalqaro huquqni buzgan holda tinch aholiga qaratilgan hujumlarda ayblab, Rossiyaga qarshi inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga (IHeS) da’vo arizasi berdi. Sudning 28 iyun, seshanba kuni kechqurun e’lon qilingan press-reliziga ko‘ra, shikoyat 23 iyun kuni qabul qilingan, IHeS prezidenti Robert Spano ishni sudning to‘rtinchi bo‘limiga topshirgan va bu haqda Rossiyani xabardor qilgan.

Xabarda aytilishicha, bu ishdan oldin Ukraina davlati tomonidan yana to‘rtta ariza va 8500 ga yaqin shaxsiy shikoyatlar bo‘lgan. 

Da’vo Ukraina hududidagi harbiy harakatlar jarayonida Rossiya Federatsiyasi tomonidan sodir etilgan inson huquqlarining ommaviy va jiddiy buzilishiga tegishli. Kiyev hukumati minglab tinch aholi o‘ldirilgani, jarohat olgani, ushlangani yoki bedarak yo‘qolgani, yuz minglab mulk vayron qilingani va millionlab odamlar uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lganida rus qo‘shinlari va Rossiya nazoratidagi boshqa qurolli kuchlarni ayblamoqda. 

Ukraina Rossiyani inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasida mustahkamlangan qator huquqlarni buzganlikda aybladi. Xususan, bular yashash huquqi (2-modda), qiynoqlar va g‘ayriinsoniy muomalalarni taqiqlash (3-modda), qullik va majburiy mehnatni taqiqlash (4-modda), erkinlik va xavfsizlik huquqi (5-modda), shaxsiy va oilaviy hayotni hurmat qilish huquqi (8-modda), din erkinligi (9-modda), so‘z erkinligi (10-modda), yig‘ilishlar va uyushmalar erkinligi (11-modda), samarali himoya qilish huquqi (13-modda), kamsitishni taqiqlash (14-modda). 

Bundan tashqari, arizachiga ko‘ra, Rossiya ta’lim olish huquqini, erkin harakatlanish huquqini va o‘z mamlakatidan chiqarib yuborishni taqiqlash bo‘yicha moddani, shuningdek, mulkni himoya qilish bo‘yicha konvensiyaga qo‘shimcha protokol qoidalarini buzgan. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin Rossiya Federatsiyasi Yevropa kengashiga a’zo davlat maqomi nizomini qo‘pol ravishda buzgani, shuningdek, tashkilot oldidagi majburiyatlarini bajarmaganligi uchun Yevropa kengashidan chiqarib yuborildi. IHeS Rossiya 16 sentabrdan boshlab inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi a’zosi sifatidagi maqomini yo‘qotishini ma’lum qildi. 11 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining 2022 yil 15 martdan keyin chiqarilgan qarorlarini ijro etmaslik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top