08:18 / 30.06.2022
26394

Rossiya Norvegiyadan Shpitsbergenga yuklarni o‘tkazishni talab qildi va javob choralari bilan tahdid qildi

Norvegiya Rossiya hududiga muhim yuklarni kiritishdan bosh tortmoqda, deya ma’lum qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi. Norvegiya hukumati Ukraina bilan urush tufayli Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalar doirasida yuklarni to‘sib qo‘ygan.

Shpitsbergen / Foto: Getty Images

Norvegiya Rossiya hududiga muhim yuklarni kiritishdan bosh tortmoqda, deya ma’lum qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi. Norvegiya hukumati Ukraina bilan urush tufayli Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalar doirasida yuklarni to‘sib qo‘ygan.

Rossiya Norvegiyaga Shpitsbergen arxipelagidagi rus hududiga ta’minotni qayta yo‘lga qo‘ymasa, javob choralari bilan tahdid qildi. 29 iyun, chorshanba kuni Norvegiyaning Rossiyadagi muvaqqat ishlar vakili Solveyg Rossebyo Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, unga «Shpitsbergenga «Arktikugol» davlat tresti» federal davlat unitar korxonasining arxipelagdagi ishi uchun muhim bo‘lgan yuklar Norvegiya tomonidan to‘sib qo‘yilgani bo‘yicha qabul qilib bo‘lmaydigan vaziyat to‘g‘risida ma’lumot berildi», deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi saytidagi xabarda.

Ma’lumotda aytilishicha, «Norvegiya hududida, Rossiya-Norvegiya chegarasida trest va Rossiyaning Shpitsbergendagi bosh konsulligi faoliyati uchun muhim bo‘lgan tovarlar, jumladan, oziq-ovqat, tibbiy asbob-uskunalar, qurilish materiallari va transport vositalari uchun ehtiyot qismlar to‘sib qo‘yilgan». 

Mojaroga Norvegiyaning Shimoliy Muz okeanidagi Shpitsbergenda Rossiya aholi punktlariga yuborilgan yuklarga nisbatan sanksiyalarni yengillashtirishdan bosh tortishi sabab bo‘lgan. Rad javobi «Arktikugol»ning so‘roviga qaytarildi. Trest Barensburg konchilar qishlog‘i uchun 20 tonna oziq-ovqat mahsulotlarini o‘tkazib yuborishni so‘ragan. Ushbu yuk Murmanskdan arxipelagga yagona Bring yuk kemasi yordamida yetkaziladi. Xuddi shu poselkada Rossiya Federatsiyasining Shpitsbergendagi bosh konsulligi joylashgan. Barensburgda hammasi bo‘lib 500 ga yaqin odam, shu jumladan konchilar yashaydi. 

Norvegiya Yevropa ittifoqining a’zosi emas, lekin Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi joriy qilingan Yevropa ittifoqining barcha oltita sanksiyalar paketini amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Norvegiyadan olingan xabarlarga ko‘ra, Rossiyaning Shpitsbergendagi aholi punkti uchun yuklar aslida taqiq ostiga tushishi kerak emas, biroq uning katta qismi avval Norvegiya qit’a qismida sanksiyaga kiritilgan tovarlarni to‘sib qo‘yish qilish uchun mas’ul bo‘lgan nazorat punktidan o‘tishi kerak. 

Shpitsbergen Norvegiyaning shimoliy qirg‘oqlari va Shimoliy qutb o‘rtasida joylashgan hamda Norvegiyaga tegishli. Shu bilan birga, Rossiya, 1920 yilda imzolangan shartnomaga ko‘ra, ushbu arxipelagdagi konlarni o‘zlashtirish huquqiga ega. Shpitsbergendagi ba’zi aholi punktlarida asosan ruslar istiqomat qiladi, ammo so‘nggi o‘n yilliklarda ularning soni sezilarli darajada kamaydi. 

Avvalroq Litva YeI sanksiyalari ostiga tushgan tovarlarning Rossiya asosiy hududidan Kaliningrad oblastiga temiryo‘l tranzitini to‘xtatgan edi. Rossiya mintaqalaridan Kaliningradga yetkazilgan barcha yuklarning deyarli 50 foizi Yevropa ittifoqi taqiqiga to‘g‘ri keldi. 

Mavzuga oid
Top