14:44 / 01.07.2022
13862

Samarqandda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan shaxslar sodir etgan YTHda Labo haydovchisi vafot etdi

O‘zaro to‘qnashgan Nexia va Labo mashinalarining haydovchilari haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, 2022 yil 26 iyun kuni soat 15:30 larda Past Darg‘om tumani Baxshivoyi mahallasi hududidan o‘tgan ichki yo‘lda odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

19 yoshli yigit o‘z boshqaruvidagi Nexia bilan ketayotib qoidalarni buzgan holda o‘zidan oldinda ketayotgan mashinasini quvib o‘tmoqchi bo‘lganda qarama-qarshi tomondan kelayotgan Labo mashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda, Labo mashinasining 33 yoshli haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ammo shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan u vafot etgan.

Surishtiruvlarda, ikkala haydovchi ham haydovchilik guvohnomasiga ega emasligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Past Darg‘om tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Samarqandda tezlik qoidalarini buzib harakatlangan Nexia haydovchisi sodir etgan YTHda 52 yoshli ayol vafot etgandi.

Top