12:58 / 02.07.2022
24744

Konstitutsiyaviy komissiya Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni va bildirilayotgan fikrlarni kuzatib borayotgani ma’lum qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiyev 1 iyul kuni Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan miting yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: Odiljon Tojiyev / Telegram

“Kecha barchamiz jondo‘st qoraqalpoq zaminida ro‘y bergan voqealar rivojini kuzatdik. Xususan, Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari ham vaziyatni diqqat bilan kuzatdi, tarmoqda yangrayotgan fikrlarni tahlil qilib bordi. Bir guruh populistlar provokatsion harakatlar natija berishidan umid qilib, shiorbozlikka berilib, xalqni ko‘chaga chiqishga chorladi.

Ta’kidlaymizki, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan taqdim qilingan qonun loyihasi oxir-oqibat O‘zbekiston xalqining, jumladan, qoraqalpoqlarning ham orzu-intilishlari ifodasi bo‘ladi. Ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarishga uringan ig‘vogarlar qoraqalpoq xalqining umumiy fikrini ifoda qilmaydi.

Hujjat tor doirada muhokama qilinmayapti, umumxalq muhokamasi o‘tkazilyapti. Shu omilning o‘ziyoq davlatning ochiqlik siyosati, har bir ishda xalq fikri bilan hisoblashishini ko‘rsatadi. Demokratiya va oshkoralikni ommaviy tartibsizlikka aylantirish qanday oqibatlarga olib kelganiga hozir o‘nlab misollab keltirishim mumkin. Lekin, shusiz ham hammasini his qilib turibsiz, deb o‘ylayman.

Komissiya ushbu holatga doir rasmiy munosabatini beradi. Hozir esa qisqacha qilib bir gapni aytishimiz mumkin: xalq fikrini ifoda qiladigan minbarlar, muhokama maydonlari – provokatorlarning resurslari emas.

Biz bu vaziyatga yanada jiddiy yondashishimiz lozimligini tobora ravshanroq tushunyapmiz”, – deya yozdi Tojiyev Telegram'dagi rasmiy kanalida.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston parlamenti, hukumati va Ichki ishlar vazirligi qo‘shma bayonot chiqarib, 1 iyul kuni bir guruh shaxslar fuqarolarni Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy binolari oldiga yig‘ib, bu binolarni egallab olishga uringanini ta’kidlagandi.

Qoraqalpoq rasmiylariga ko‘ra, ular “populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyatsiya qilgan”.

Huquqni muhofaza qilish organlari ommaviy tartibsizlik uyushtirishga urinishlar tarqalishiga chek qo‘ygan. Ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilarining bir guruhi hamda organlar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan shaxslar qo‘lga olingan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, ro‘y bergan holat ayrim shaxslarning “konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari oqibati”dir.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top