12:50 / 03.07.2022
56676

Rossiyaning Belgorod shahrida davomli portlashlar. Qurbonlar bor

Belgorod shahri markazidagi portlashlar oqibatida o‘nlab uylar shikastlangan.

Foto: Telegram / Vyacheslav Gladkov

3 iyulga o‘tar kechasi Belgorod shahri markazida ro‘y bergan davomli portlashlar oqibatida uch kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi yaralangan, shuningdek, o‘nlab turar joy binolari shikastlangan.

Yakshanbaga o‘tar kechasi OAVda Belgoroddagi portlashlar va uning oqibatlari aks etgan videokadrlar tarqaldi, videolarda havo hujumidan mudofaa tizimlari faoliyati izlarini ham ko‘rish mumkin. Region gubernatori qurbonlar va vayrongarchiliklar haqida xabar bergan, ammo bu holat qanday ro‘y berganiga aniqlik kiritilmagan.

Belgorod oblasti rahbari Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, shaharda mahalliy vaqt bilan soat 3:00 atrofida «kuchli ovozlar seriyasi» ro‘y bergan. Keyinroq u kamida uch kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi yaralangani haqida xabar berdi - yaradorlar orasida og‘ir ahvoldagi katta yoshli kishi va 10 yoshli bola ham bor.

Gladkovning ma’lum qilishicha, jami 11 ta ko‘p qavatli uy va 30 dan ortiq xususiy uylar shikastlangan, beshta xususiy uy vayron bo‘lgan. Uylar nima sababdan vayron bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

Gladkov jabrlanganlarga barcha yordam ko‘rsatilishini aytgan.

Baza telegram-kanalining yozishicha, Mayakovskiy ko‘chasidagi uylardan birini tozalash chog‘ida yana ikki kishining jasadi topilgan. Hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlanmadi.

Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoyt tunda Kurskka tomon harakatlangan ukrainlarning ikkita «Strij» rusumli uchuvchisiz uchish qurilmalari havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilganini xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

«Afsuski, Belgorodda vaziyat boshqacha. Dushman hujumi oqibatida tinch aholi orasida halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor, tinch fuqarolarning uylari vayron bo‘lgan», deya qo‘shimcha qilgan u.

Rossiyalik senator Andrey Klishas Belgoroddagi hodisada Ukraina tomonidan «eng qat’iy, jumladan harbiy javob»ni talab etadigan «tajovuz akti» sodir etilganini aytib chiqdi.

Ukraina hukumati hozircha bu ayblovga munosabat bildirmadi.

Belgorod oblastida, Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh boshqa hududlarida bo‘lgani kabi aprel oyida terrorchilik tahdidining «to‘qsariq» darajasi e’lon qilingan. «Harbiy amaliyot» boshlanganidan buyon ushbu oblastlar rasmiylari ko‘p bor hudud o‘qqa tutilishi va portlashlar haqida ma’lumot bergan, Belgorod oblastida esa mahalliy aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar bergan.

11 may kuni zarbalar natijasida Soloxi qishlog‘ida bir kishi halok bo‘lib, yetti kishi yaralangani ma’lum qilingan, 27 may kuni Juravlevka qishlog‘ida bir ayol vafot etgani aytilgan.

Bir necha hafta muqaddam Belgorod oblasti ma’muriyati Juravlevka va unga qo‘shni bo‘lgan Nexoteyevka qishlog‘i aholisi evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ukrain harbiylari Rossiya hududida harbiy harakatlar olib bormayotganini aytgan.

Shu bilan birga, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi agar operativ vaziyat talab etgudek bo‘lsa, harbiy harakatlar Rossiyaning chegaradosh hududlariga ko‘chishi mumkinligini istisno etmagandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top