11:24 / 07.07.2022
49714

«Bir insoflisi chetga tortib, jonimni saqlash uchun qochishim kerakligini aytdi» - Nukusda yuk mashinasi yoqib yuborilgan haydovchi

Nukusdagi tartibsizliklar chog‘ida o‘t qo‘yib yuborilgan yuk mashinalaridan birining haydovchisi Iskandar Ikromov jurnalistlar qarshisida voqea tafsilotlarini so‘zlab berdi. Ma’lum bo‘lishicha, buxorolik bu haydovchi Nukusga maktab qurilishi uchun Navoiydan qurilish materiallari olib kelgandi.

Foto: Kun.uz

6 iyul kuni Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahriga uyushtirilgan press-tur chog‘ida jurnalistlar hududdagi vaziyat bilan tanishdi, aholi vakillari, jumladan jabrlanganlar bilan suhbatlashdi. 1-2 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan namoyishlar chog‘ida yoqib yuborilgan yuk mashinasi ko‘pchilikning diqqatini tortgandi. Uning haydovchisi Iskandar Ikromov hanuz Nukusda va tergov-surishtiruv jarayonida ishtirok etmoqda.

Iskandar Ikromov / Kun.uz

«O‘zim buxorolikman, yuk Navoiydan chiqqan va Nukusga olib kelganman. Mashina tashkilotniki, shaxsiy mashinam emas. Nukus shahrida qurilayotgan maktab uchun beton plitalar keltirgandim. Yukni tushirib bo‘lgandan keyin menga ishxonamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, Nukusda namoyishlar boshlanibdi, yo‘lga chiqmay xavfsizroq joyda kutib turing, deyishdi. Men yuk tushirgan joyimizda qoldim va kechqurun mashina ichida uxladim.

Bir vaqt 4-5 kishi mashinani taqillatishdi. Kimligimni, millatimni so‘rashdi. Javob berganimdan keyin turtkilab tushirishdi va mashinani yo‘lga haydab chiqishimni talab qilishdi. Avvaliga rozi bo‘lmadim, meni do‘pposlashdi va yonimga o‘tirib olib, majburlab haydab chiqardilar. 

Yo‘lni to‘sganlaridan keyin ham mashinani olib ketishga harakat qildim, shunda bir insoflisi meni chetga olib jonimni saqlash uchun qochishim kerakligini aytdi. Ularning qo‘lidan amallab chiqib bu joydan ketdim. 

Ertalab voqea joyiga borganimda mashinam kulga aylangan ekan. U bilan birga hamma hujjatlar ham yonib ketgan. O‘zim oddiy haydovchilikdan tirikchilik qilaman. Mashinam zarari masalasini tergovdan keyin ko‘rib chiqamiz deyishyapti, shuni hal qilib bersalar yaxshi bo‘lardi. Menga hujum qilganlarning ayrimlarini qo‘lga olishibdi, hozir o‘zim tergovga qatnab yuribman», – deya haydovchining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top