12:33 / 07.07.2022
6303

SSV Andijonda fast-fuddan zaharlangan bemorlar salomatligi va sanitariya holatini nazoratga oldi

Vazirlik Qo‘rg‘ontepada ovqatdan zaharlangan bemorlar salomatligi va canitariya holatini nazoratga olgan.

Foto: Kun.uz

Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumanida bir guruh fuqarolar fast-fuddan zaharlangani, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. SSV matbuot xizmati zaharlangan bemorlar salomatligi va sanitariya holati nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan jami 37 nafar bemor nazoratga olingan va yuqumli kasalliklar bo‘limiga davolanish uchun yotqizilgan.

Ulardan 17 nafarida qayt qilish, ich ketishi, tana harorati ko‘tarilishi kabi kasallikning klinik belgilari namoyon bo‘lgan. Qolgan 20 nafarida esa biroz holsizlik va ko‘ngil aynishi kuzatilgan va ambulator ravishda davo muolajalarini olish uchun hududiy poliklinika nazoratiga yuborilgan.

Ayni paytda shifoxonada davolanayotgan 17 nafar bemorning holati barqaror. Ularda belgilangan standartlar bo‘yicha davo muolajalari davom ettirilyapti.

Taomdan zaharlanganlarning barchasi Qo‘rg‘ontepa tumani markazida joylashgan Fresh food nomli ovqatlanish shoxobchasida fast-fud iste’mol qilgani aniqlandi.

Zudlik bilan bu korxonaga qarashli 3 ta ovqatlanish shoxobchasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Taom tayyorlash xonasi va omborxonadagi mahsulotlardan namuna olinib, Qo‘rg‘ontepa tumani sanitariya-epidemiologiya xizmati laboratoriyasiga tekshirish uchun yuborilgan.

Mavzuga oid
Top