18:29 / 08.07.2022
19585

Xitoy mudofaa vazirligi vakili mamlakat armiyasi urushga tayyorligini aytdi 

U Tsyanning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy xalq ozodlik armiyasi istalgan vaqtda harbiy harakatlarni boshlashi mumkin.

Foto: Reuters

Xitoy xalq ozodlik armiyasi urushga har doim tayyor, dedi mamlakat mudofaa vazirligi vakili U Tsyan.

Payshanba kuni amerikalik respublikachi senator Rik Skott Tayvanga tashrif buyurdi. U tashrif doirasida orol hukumati rahbarlari bilan uchrashishni rejalashtirgan.

"Bu yagona Xitoy tamoyili va Xitoy-Amerika kommyunikelarining qo‘pol ravishda buzilishidir. Bu Xitoy va AQSh o‘rtasidagi siyosiy va harbiy munosabatlarga jiddiy putur yetkazadi hamda Tayvan bo‘g‘ozidagi vaziyatni murakkablashtiradi", - dedi U Tsyan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tayvan oroli yaqinida harbiy mashg‘ulotlarning o‘tkazilishi "provokatsion va jinoiy Tayvan-Amerika fitnasi"ga qarshi qaratilgan.

"Xitoy xalq ozodlik armiyasi urushga hamisha tayyor, istalgan vaqtda harbiy harakatlarni boshlashi mumkin, tashqi kuchlarning Xitoyning ichki ishlariga aralashishiga hamda ayirmachilarning Tayvanni ajratishga qaratilgan harakatlariga barham berish uchun barcha choralarni ko‘radi", - deb ta’kidladi U Tsyan.

Tayvan amalda Xitoydan ayri davlat sifatida shakllangan, lekin rasman “Xitoy respublikasi” nomini saqlab turibdi. Mamlakatning o‘z konstitutsiyasi, armiyasi va saylangan hukumati bor. Fuqarolik urushi tugashi va 1949 yil materikda kommunistlar g‘alabasidan keyin saylangan hukumatini Tayvan Xitoydagi yagona qonuniy boshqaruv organi deb biladi.

Pekin Tayvanni o‘z provinsiyasi deb hisoblaydi.

Top