12:24 / 15.07.2022
14038

Kreml Qozog‘istonning Rossiyani tark etgan kompaniyalarni qabul qilish rejalariga izoh berdi

Kreml Qozog‘iston rasmiylarining Ukrainadagi urush fonida Rossiyani tark etgan xorijiy kompaniyalarni ko‘chirish uchun sharoit yaratish haqidagi qaroriga ijobiy munosabatda.

Foto: Komsomolskaya Pravda

Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Dunyoning istalgan davlati xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga harakat qilayotgan bir sharoitda, bu mutlaqo normal holat. Bunga barcha davlatlar, jumladan, bizning mamlakatimiz ham harakat qilmoqda. Yana bir narsa shundan iboratki, hozir, albatta, tashqaridan butunlay misli ko‘rilmagan bosim ostida ko‘plab kompaniyalar bunday qaror qabul qilishga majbur. Afsuski, bu biz yashayotgan va ishlayotgan voqelik», dedi Dmitriy Peskov matbuot anjumani chog‘ida jurnalistlarning bunday qaror Rossiya-Qozog‘iston munosabatlariga zarar yetkazadimi, degan savoliga javob berar ekan. 

14 iyul kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatga Rossiya bozorini tark etgan xorijiy kompaniyalarning mamlakatga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Qozog‘iston yetakchisining ta’kidlashicha, hozirgi kunda investitsiya kapitali uchun global kurash ketayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

«Deyarli 1400 ga yaqin yirik xorijiy kompaniyalardan har ikkinchisi o‘z faoliyatini to‘xtatdi yoki Rossiya bozorini butunlay tark etdi. Hukumat ularning Qozog‘istonga kirib kelishi uchun qulay shart-sharoit yaratishi kerak. Bu bizga o‘rta va yuqori qiymatdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun yaxshi imkoniyatlar beradi», — dedi Qozog‘iston prezidenti hukumat kengaytirilgan yig‘ilishi davomida. 

Mavzuga oid
Top