22:07 / 16.07.2022
48626

O‘zbekistonga jazirama qaytmoqda. Energota’minot bunga tayyormi?

17–22 iyul kunlari O‘zbekiston hududida harorat 47 darajagacha ko‘tarilishi, jazirama rekordlari yangilanishi kutilmoqda. Xo‘sh, energota’minot bunga qanchalik tayyor? O‘tgan yili jaziramada kuzatilgan muammolar bu yil ham takrorlanadimi?

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” rahbari Sherzodxo‘ja Habibullaxo‘ja shoshilinch axborot bilan chiqib, respublika hududiga 17–22 iyul kunlari Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi, shu sababli havo harorati 47 darajagacha ko‘tarilishi haqida ogohlantirdi.

Unga ko‘ra, issiq havo massalarining kirib kelishi natijasida kunduz kunlari havo harorati quyidagicha ko‘tariladi:

  • Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 44-47 darajagacha;
  • Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida 42-45 darajagacha;
  • Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 41-43 darajagacha.

Statistik raqamlarga ko‘ra, agar Toshkentda harorat 45 darajaga chiqsa, bu 1870 yildan keyingi davrning mutlaq rekordi bo‘ladi.

Iyun oyi oxirida O‘zbekiston aholisi kuchli issiqning birinchi to‘lqinini boshdan kechirdi. “O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, 27–28 iyun kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 29 iyunda hududlar katta qismida issiq maksimal darajaga yetgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari ayrim tumanlarida iyun oyi uchun maksimal havo harorati bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatilgan.

Kunlarning anomal darajada isib ketishi o‘z-o‘zidan konditsioner va sovitish qurilmalariga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi, elektr energiyasi bilan ishlaydigan bunday jihozlardan yoppasiga foydalanish esa energetika tarmog‘iga yuklama ortib ketishiga olib keladi. Xo‘sh, tizim bunday bosimga tayyormi?

Uzilishlar

Keyingi kunlarda Toshkent shahrining qator hududlarida energiya ta’minotida uzilishlar kuzatila boshladi. To‘g‘ri, uzilishlar hozircha uzoq vaqt davom etayotgani yo‘q, ammo shu kabi holatlar hali anomal issiq qaytmay turib, tarmoq kuchlanishga chidab bera olmayotganiga ishora qilmoqda.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar iyun oyida ham kuzatilgandi. Buni Markaziy dispetcherlik xizmatiga Telegram orqali aholidan kelib tushgan murojaatlar ham tasdiqlaydi.

Telegram-guruhdagi murojaatlar va ularga berilgan javoblar tahlili anomal issiq kuzatilgan kunlarda ko‘plab nimstansiya va transformatorlar faoliyatida nosozlik kuzatilgani, katta ehtimol bilan bu muammolar tizimdagi yuklama ortib ketgani sababli yuzaga kelgani, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar oqibatida ayrim hududlarda aholi suvsiz qolib ketganini ko‘rsatmoqda.

Shahar elektr tarmoqlari korxonasi buni anomal issiq va qishga tayyorgarlik doirasidagi rejali o‘chirishlar bilan izohlab, aholini energiyadan “tejab foydalanishga” chaqirgandi.

Yangicha hiyla?

Mas’ullar keyingi paytda muammoning yechimi sifatida past kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlab, “tok bormi, bor”, qabilida ish tutayotgani ham muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston sharoitida jihozlar 220 V kuchlanishda ishlashga moslashtirilgan.

Tizimga yuklama ortishi natijasida energiya yetkazib beruvchilar shartnomaga muvofiq 220 V kuchlanishda emas, undan pastroq, masalan, 160-180 V kuchlanishli elektr energiyasi uzatishmoqda. Tabiiyki, bunda uyingizda chiroq bo‘ladi, televizor va kamenergiya sarflovchi jihozlar ishlayveradi. Biroq muzlatkich, konditsioner kabi qurilmalar bunday kuchlanishda hatto yonmaydi ham.

Bunday holat kecha yoki bugun boshlangani yo‘q. Shu mazmundagi shikoyatlar o‘tgan yili ham, o‘tgan oyda ham, shu kecha-kunduzda ham kuzatilmoqda. Hozircha aholi energo yetkazib beruvchilarning bu hiylasini to‘liq anglab yetishganicha yo‘q, bilganlar ham juda ozchilikni tashkil qiladi.

Talab bor joyda taklif yuzaga kelganidek, mavjud muammoni hal qilib beruvchi xizmatlar paydo bo‘lgan.

Biroq aslida bu muammoni hal etishi lozim bo‘lgan Energetika vazirligi va boshqa mutasaddilar og‘ziga talqon solib olishgan. Muammoni hal qila olishmagani ham mayli, jillaqursa aholiga bu borada tushuntirish berishgani ham yo‘q.

Energotizim jaziramaga tayyormi?

“O‘zgidromet” jazirama haqidagi prognozlarini e’lon qilgan kuniyoq Kun.uz Energetika vazirligiga mamlakat energiya ta’minoti yuklama ortishiga qanchalik tayyorligi yuzasidan izoh so‘rab murojaat qilgandi. Biroq vazirlikdan bu borada hech qanday izoh berilmasligi aytildi.

Kun.uz anomal issiq kuzatilayotgan kunlari “svet” o‘chayotgani, odamlar jaziramada elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanmayotgani bilan bog‘liq muammoni o‘tgan yili ham ko‘tarib chiqqandi. O‘shanda soha mas’ullari havo keskin isib ketishi oqibatida transformatorlar, ayniqsa, katta podstansiyalarda ishlab turgan transformatorlar qizib ketayotgani, ularning ichidagi o‘ramni sovitib turuvchi yog‘ qaynab ketayotgani sababli ikki-uch soatga o‘chirib sovitishga to‘g‘ri kelayotgani, uzilishlar sutkaning faqat kunduzgi soatlarida quyosh qattiq qizdirgan paytga to‘g‘ri kelib, tungi soatlarda muammo yo‘qligini ma’lum qilishgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yil boshida kuzatilgan blekautdan so‘ng elektr energiyasi quvvatini oshirish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlashga ko‘rsatma bergandi. Rejaga ko‘ra, 2026 yilga borib jami generatsiya quvvatlari 27 400 megavattga, yillik ishlab chiqarish hajmi 110 milliard kilovatt soatga yetkazilishi kerak.

Energetika vazirligi 2022 yilda Buxoro, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda umumiy quvvati 1 900 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda Qoraqalpog‘istonda 1 700 MVt.lik shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha bitimlari imzolanishi rejalashtirilgani, 2023 yilning yakuniga qadar Surxondaryo, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilishi, 2026 yilga borib quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvati 8 000 MVtga yetkazilishi haqida xabar bergan. Biroq bu loyihalarning ishga tushib, elektr energiyasi ishlab chiqarishni boshlashiga hali ko‘p qovun pishig‘i bor. Xo‘sh, ungacha-chi, yangi quvvatlar yuzaga kelguncha vaziyatni o‘nglash bo‘yicha chora yo‘qmi, bo‘lsa qanday, nega aytilmaydi?

O‘zbekistonda har yili may-sentabr oylarida havo harorati yuqori bo‘lishi, ayniqsa, iyun-avgust oylarida jazirama issiq kuzatilishi hech kimga sir emas. Bunday vaziyatda tizimda yuklama ortishi o‘z-o‘zidan ma’lum, buning sabablariga yuqorida to‘xtalib o‘tdik. Shuni bilgan holda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar, xususan, transformatorlarning qizib ketmasligini ta’minlash, ularning sonini ko‘paytirish, budjetdan transformatorlar uchun ko‘proq pul talab qilish, energiya importi bo‘yicha kerakli ishlarni qilib qo‘yish, koll-markazlar ishini tartibga keltirish mumkin-ku?

Ha, Energetika vazirligi butkul jim emas, elektr energiyasida uzilish bo‘lmasligi uchun o‘z tavsiyasini berdi: yaqinlashayotgan jaziramada aholidan elektr energiyasini tejab ishlatish so‘raldi. Ehtimolki, chaqiriqlar bilan ko‘p narsaga erishib bo‘lmasligini vazirlikdagilar ham biladi. Odamlar tashqarida anomal issiq yondirayotganda aynan shunday kunlar uchun sotib olingan konditsionerini nega xotirjam ishlatmasligi kerak? Bu tavsiyani berganlarning xonasidagi konditsioner ular yo‘q paytda ham soatlab bo‘sh xonani sovitib yotmaydimi?

Oxirgi yillarda elektr generatsiyasi sezilarli ko‘paygani, transformatorlarni yangilash ko‘rsatkichlari karrasiga oshgani bo‘yicha faktlarni rad etib bo‘lmasligi rost, biroq bu bilan muammolarga izoh berishdan qochishni oqlab bo‘lmaydi. Iste’molchining haq-huquqlarini hurmat qilish, matbuot anjumani o‘tkazish, aniq savollarga ro‘y-rost javob berishga nima xalal beradi?

Jamshid Niyozov, jurnalist

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Top