13:07 / 21.07.2022
19875

To‘qayev Markaziy Osiyo yetakchilari uchrashuvlariga Rossiya va Xitoy rahbarlarini chaqirishni taklif qildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlariga qo‘shni davlatlar, jumladan, Rossiya va Xitoy yetakchilarini chaqirishni taklif qildi.

Foto: akorda.kz

Uning fikricha, Markaziy Osiyo mintaqasi «barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, har tomonlama hamkorlik, tinchlik va farovonlikning keng hududiga» aylanishi kerak.

«Xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish bo‘yicha yechimlarni birgalikda ishlab chiqish uchun xavfsizlik kengashlari kotiblari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish mexanizmini ishga tushirish zarur bo‘ladi. Bundan tashqari, men tashqi ishlar vazirlariga muntazam ravishda, kamida olti oyda bir marta mintaqaviy va xalqaro muammolarning asosiy masalalariga muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazish vazifasini topshirishni taklif qilaman», — dedi u. 

Mintaqaviy bo‘lmagan strategik sheriklar bilan hamkorlik bo‘yicha, Qozog‘iston ko‘p tomonlama formatlar doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik konsepsiyasini qabul qilish mumkin, deb hisoblaydi.

«Menimcha, biz o‘zimizni qat’iy geografik chegaralarga qulflab qo‘ymasligimiz kerak. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari ishida boshqa qo‘shni davlatlarning, masalan, Rossiya va Xitoyning oliy vakillari taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etishlari mumkin. Ishonchim komilki, bu, ayniqsa, aniq masalalarni ko‘rib chiqishda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun foydali bo‘ladi», — dedi To‘qayev. 

 

Top