15:18 / 22.07.2022
3665

Toshkent metrosida poyezdlar harakati tezligiga cheklov joriy etildi

Havo harorati keskin ko‘tarilishi sabab joriy yil 22 iyul kuni metro yerusti halqa yo‘li va Sergeli yo‘li temiryo‘llari va ular po‘lat qismlari harorati juda yuqori bo‘lib, 65 daraja issiqqa yetdi. 

Foto: Kun.uz

“Toshkent metropoliteni” xabariga ko‘ra, poyezdlar harakati va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida belgilangan qoidalarga ko‘ra, yerustida harakatlanuvchi metro poyezdlar harakat tezligi soat 14:00 dan 18:00 ga qadar 25 km/soatgacha tushirildi.

Poyezdlar harakat jadvalini me’yorda saqlash maqsadida «Chilonzor» yo‘nalishi yerosti yo‘li qismida (“Olmazor” - “Buyuk ipak yo‘li”) poyezdlar tezligi 40 km/soatga tushirildi.

Temiryo‘llardan foydalanish qoidalariga ko‘ra relslar harorati 55 daraja issiqdan oshganda poyezdlar harakati tezligi pasaytirilishi, relslar harorati 60 daraja issiq bo‘lganda poyezdlar harakati tezligi 40 km/soatdan, 65 daraja issiqda – 25 km/soatdan oshmasligi, 70 daraja issiqda esa poyezdlar harakati taqiqlanishi belgilangan.

Top