07:35 / 23.07.2022
4524

Shavkat Mirziyoyev uch hududda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 iyul kuni Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Chust, Pop, Namangan va Muzrabotda ichimlik suvi ta’minoti 50 foiz bo‘lib, ahvoli qolgan tumanlarga nisbatan og‘ir. Mavjud tarmoqlar eskirgan. Suv qattiqligi 1,5 baravar oshgani uchun oshqozon-ichak va urologiya kasalliklari ko‘paygan.

Yangiyo‘l, Angren, Chirchiq, Olmaliq va Bekobod shaharlarida oqova suv qamrovi 60 foizga ham bormaydi. Bu ko‘rsatkich Chust va Chinoz tumanlarida 3 foiz bo‘lsa, Mingbuloqda umuman yo‘q. Oxirgi yillarda ushbu tuman va shaharlarda ko‘plab uy-joylar qurilib, aholi soni yana o‘sgan.

Taqdimotda mutasaddilar mazkur uchta loyiha bo‘yicha axborot berdi. Bu loyihalar Surxondaryoning Muzrabot tumani, Namanganning 4 ta tumani, Toshkent viloyatining 7 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi. 

Ular doirasida 660 kilometr ichimlik va oqova suv tarmog‘i, 4 ta suv olish, 7 ta suv tozalash, 12 ta oqova suv stansiyasi barpo etiladi. Jami 1 million 200 ming nafar aholi ehtiyojini qamrab oladi. Jumladan, 590 ming nafar aholi ilk bora ichimlik va oqova suv xizmati bilan ta’minlanib, 595 ming nafarining suv sharoiti yaxshilanadi.

Loyihalarning texnik-iqtisodiy jihatlari muhokama qilinar ekan, prezident “ular uchun suv manbai yetarlimi” deya savol qo‘ydi. Loyihalar doirasida kamida 30 yilga yetarli suv zaxirasini yaratish zarurligini ta’kidladi. Qurilish tannarxini arzonlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Xaridlarni 80 foiz mahalliylashtirib, 10 foiz iqtisod qilish mumkinligi aytildi.

Yana bir masala – sarflangan mablag‘larning qaytimini ta’minlash. Ko‘p joylarda ichimlik suvi uchun to‘lov tushumi to‘liq emas. Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatida debitor qarzdorlik 210 milliard so‘mga yetgan.

Shu bois energiya tejamkor uskunalardan foydalanib, suv yetkazib berish xarajatlarini qisqartirish, yo‘qotishlarni kamaytirish vazifasi qo‘yildi. Barcha jarayonlarni raqamlashtirish, mahallabay ishlab, to‘lovni ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Top