16:46 / 23.07.2022
22967

“Siyosiy islohotlardan qo‘rqmaylik” – Tahlilchilar yangi konstitutsiya loyihasi va unga yetishmayotgan o‘zgarishlar haqida 

15 iyul kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasi konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokama muddatini navbatdagi bor o‘zgartirib, yakunni 1 avgustgacha qilib belgiladi.

Komissiya buni kelib tushayotgan takliflar dinamikasining keskin ortib ketishi bilan izohladi. Shuningdek, komissiya raisi Akmal Saidovga ko‘ra, muddat uzaytirilishi kimningdir ko‘rsatmasi bilan emas, komissiya qarori bilan qilinmoqda.

Kun.uz har doimgidek, o‘zgartirilayotgan konstitutsiya, uning sabablari, shuningdek, yangi konstitutsiyada aks etayotgan va etmayotgan normalar atrofidagi tahlillarini davom ettiradi.

Bu borada navbatdagi mehmonlarimiz siyosatshunos Farhod Tolipov, jamiyatshunos Dilsora Fozilova, Inson huquqlari Ezgulik jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bo‘ldi.

— Suhbatni boshlarkanmiz, sizlardan 1992 yilda qabul qilingan O‘zbekiston konstitutsiyasining o‘zgarishlari xronologiyasi haqida so‘ramoqchiman. Jumladan, mana shu jarayonlar boshlanarkan, qator huquqshunos, siyosatshunoslar konstitutsiya o‘zgaravermasligi kerak, bunaqada qadri qolmaydi degan fikrni aytgan bo‘lsa, yana ayrim huquqshunoslar, jumladan, komissiya raisi Akmal Saidov “konstitutsiya dogma emas”, deya bosh qomus o‘zgarib turishi kerakligini aytdi.

Xo‘sh, O‘zbekiston konstitutsiya kitobchasidagi o‘zgarishlar dunyo konstitutsiyalariga solishtirilganda qanchalik tez yoki normal deya baholash mumkin?

Farhod Tolipov, siyosatshunos:

Konstitutsiya davlat faoliyatida asosiy qomus deyiladi. U o‘z nomi bilan asosiy qomus bo‘larkan, yaxshi ma’noda qotib turadigan hujjat bo‘lishi kerak.

Bu islohotlar boshlanarkan, konstitutsiya dogma emas, degan ibora ishlatildi. Men bu iborani juda ehtiyotkor ishlatgan bo‘lardim, chunki konstitutsiya yaxshi ma’noda dogma bo‘lishi ham kerak. Ha, u doimiy o‘zgarmas bo‘lmas, lekin ko‘p yil o‘zgarmay xizmat qilishi ham kerak. Qonunlarga tez-tez o‘zgartirishlar kiritish yoki butunlay bekor qilinishi mumkin. Chunki siyosiy, ijtimoiy jarayonlarda o‘zgarishlar bo‘lib turadi.

Qaytaraman, konstitutsiya uzoq yillar o‘zgarishsiz xizmat qiladigan hujjat. Unga kiritiladigan o‘zgarishlarga esa uzoq yillar tayyorgarlik ko‘rilishi va bunga jiddiy asos va dalillar bo‘lishi kerak.

Farhod Tolipov

Komissiya ishlab boshlaganiga shuncha payt o‘tgan bo‘lsa, bunga hali komissiya tomonidan yetarli dalil, sabablar keltirilmadi. Ha, ayrim moddalar o‘zgarishi kerakdir, lekin bunga strategik katta asos berilganini ko‘rmadim.

Biz shuningdek, keng omma, xalq va tahlilchilar bilan bo‘lgan muhokamalarni hali ko‘rmadik. Men ko‘rgan jarayon faqat komissiya faoliyati. U xalqdan taklif olib, yangi loyiha qilyapti. Bu yetarli emas. Shuning uchun ham komissiya faoliyati va jarayonlar mukammal bo‘lmay qoldi.

Qolaversa, dunyodagi ko‘plab rivojlangan davlatlar konstitutsiyalari hamon o‘zgarishsiz turibdi, lekin ularda farovon hayot davom etyapti.

Abdurahmon Tashanov, Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi

Abdurahmon Tashanov

Ha, konstitutsiya dogma emas, lekin uning dogmatik xususiyatlari bo‘lishi kerak. Agar unda dogmatik xususiyatlar bo‘lmasa, har bir keladigan hukmdor va guruhlar uni o‘z manfaatiga qarab o‘zgartirishni, suiiste’mol qilishni boshlaydi. Biz bunga dunyoning ko‘p mamlakatlari misolida ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Ular istagan kuni istalgan konstitutsiya yoki istalgan moddani o‘z manfaatlariga o‘zgartirib olaveradilar. Shular bo‘lmasligi uchun ham konstitutsiyada dogmatik xususiyatlar bo‘lishi kerak. U har kuni almashtirilaveradigan hujjat emas.

Ikkinchidan, mamlakat umumiy organizm bo‘lsa, konstitutsiya bosh miyadir. U xalqning rivojlanishi, madaniyati, huquqlari va boshqalarning yig‘indisi hisoblanadi. Yig‘indi esa har kuni almashtirilavermaydi. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari bu narsani o‘z taraqqiyot yo‘lida isbotlab bo‘ldi.

O‘zbekiston konstitutsiyasiga kelsak, o‘sha yillar tarixiy bir qism bo‘ldi. Biz Islom Karimov davrida tarixiy rivojlanmadik, nihoyatda orqaga ketdik. Bu yerda endi konstitutsion islohotlar bo‘lishi kerak edi. Bo‘lishi kerak-ku, lekin bu uch kunlik, bir oylik marafon ham emas. 

Men doim aytib kelyapman, hozirgi kampaniya nihoyatda bo‘sh. Nega, chunki u umumxalq muhokamasiga hali kirib bormadi. Uning texnik jihatlari ham shunday. Masalan, hozir konstitutsiya loyihasi muhokamaga bor-yo‘g‘i 30 ming tirajda chiqadigan “Xalq so‘zi” degan gazetada qo‘yildi. Bu 35 mln xalqning oldida nima raqam? Televizorda berilmasa, gazeta har bir xonadonga kirib bormasa. Yoki mamlakatning 50 foizdan ortiq qismida internet mavjud emas yo sifatsiz bo‘lsa. Xo‘sh, qanday qilib uni saytga joyladik, internetdan ko‘rib olinglar, deymiz?

U dogmami, dogma emasmi, umumxalq muhokamasi bo‘lmas ekan, jarayon oxiriga yetmagan bo‘ladi.

Hozir muhokamalar 1 avgustgacha uzaytirildi, men esa buning 1 sentabr va hatto 1 yanvargacha cho‘zilishi tarafdoriman.

Dilsora Fozilova, jamiyatshunos

Dilsora Fozilova

Konstitutsiya avvalo xalq va davlat o‘rtasidagi kelishuv bo‘lar ekan, demak, bu jarayonda xalq o‘zini tortib ketishini qo‘pol qilib aytganda, bir uyur otga topshiradi, deya ifodalaylik. Xo‘sh, o‘sha otlarda quvvat, qudrat qanday bo‘lishi kerak va ular qanchalik tartibli harakat qilishi kerak? Ana shularni ko‘rsatib beruvchi bu konstitutsiyaviy komissiya.

Konstitutsiya bu – davlat va xalq qaysi tomonga ketayotganini ko‘rsatib turuvchi hujjat. Bu jarayonda o‘zgarishlar bo‘lib turishi ham tabiiy. Masalan, pandemiya, ekologik muammolar, globalizm... Umuman, o‘zgarayotgan muhitda konstitutsiya ham o‘zgarishlarga uchrashi mumkin.

Biz dunyoga ochila borarkanmiz, agar globalizm bizdan o‘zgarishlarni talab qilsa, demak konstitutsiyamiz ham bu talablarga ochiq bo‘lishi kerak.

Ikkinchi tomondan, yuqorida to‘g‘ri aytildi, barqarorlik jihatidan konstitutsiyaning ayrim moddalari o‘zgarmas bo‘lishi kerak. Shu ma’noda konstitutsiya xalqning ijtimoiy ehtiyojidan kelib chiqqan material va o‘sha ehtiyojni doimiy qondirib borishga xizmat qilishi kerak.

Menimcha, O‘zbekiston konstitutsiyasi hali juda yosh va takomillashishga muhtoj. Takomillashish degandaki, uni amaldagi konstitutsiyadagi bo‘lgani kabi interpretatsiya (tushuntirishlarga) muhtoj bo‘lmagan konstitutsiyaga aylantirish kerak. Amaldagi konstitutsiyada tushuntirishlarga muhtoj bo‘lgan moddalar juda ko‘p va shuning uchun ham bizda ko‘plab nomaqbul ishlar amalga oshib keldi.

Shuningdek, men yuqorida aytganimdek, xalqni boshqarib ketayotganlarning vakolatlari, majburiyatlari ham qat’iy tartibga keltirilishi kerak.

Masalan, Kamoliddin Rabbimov doimiy ravishda impichment haqida gapirib kelyapti. Yoki O‘zbekistonda vakolatlarning respublika yoki hududlarga taqsimlanishi jarayonlarida juda katta kamchiliklar bor. Bizda asosiy kuch viloyatlarga berilishi kerak. Aynan viloyatlar o‘z hududi imkoniyatlaridan kelib chiqib, sohalar kesimida ishlarni tashkil qilishi kerak. Respublika faqat ulardan qolgan ishlar bilangina shug‘ullanishi kerak. Bu tashqi ishlar yoki turli federal masalalar.

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

Kamoliddin Rabbimov

Fikrimcha, har bir konstitutsiyaning o‘z ruhiyati bo‘ladi. 1992 yilda qabul qilingan O‘zbekiston konstitutsiyasini to‘liq avtoritar deyish mumkin. Chunki uni qabul qilayotganlarning bosh maqsadi hokimiyat vertikalini mustahkamlash edi. Unda markaziy hokimiyatni tiyib turishning real mexanizmlari mavjud emas edi. Ikkinchidan, prezidentlik haddan tashqari qudratli qilib yuborilgandi. Biz buning salbiy oqibatlarini o‘tgan 25 yil davomida ko‘rib keldik. O‘zbekiston konstitutsiyasi islohotlarga allaqachon muhtoj edi.

O‘zbekistonning hozirgi konstitutsiyasi muxolifatni va yoki fuqarolik jamiyatini, fundamental qadriyatlarni talab qiladi. Lekin mana shu masalalar amalga oshmay kelyapti.

O‘ylashimcha, konstitutsiya albatta o‘zgarishi va undagi avtoritarizm, superprezidentlik ruhiyati o‘zgarib, xalqqa tayanish orqali ishlashga o‘tilishi kerak. Bizga 35 millionlik aholining qudratini ifoda qiluvchi konstitutsiya kerak.

O‘tgan bir oy davomida berilayotgan yoki loyihada aks etayotgan takliflar umuman yetarli emas. Loyihada konseptual o‘zgarishlar taklif qilinmayapti. Taklif qilinayotgani esa judayam mexanik va kosmetik o‘zgarishlar.

— Kamoliddin aka, sizningcha, bu jarayonda xalq ana shunday takliflarni berolmayaptimi yoki komissiya berilgan takliflarni inobatga olmayaptimi?

Ilyos Safarov

— Menimcha, ikkinchisi. Chunki ularda hamon ehtiyotkorlik zehniyati saqlanib qolyapti. Bu yerda komissiyaning motivlari xalqdan kelayotgan takliflarni hokimiyat vertikali nuqtayi nazaridan saralab olish bo‘lyapti.

Aslida mana shu jarayon va islohotlar ikkinchi hokimiyatning legitimligiga juda jiddiy ta’sir qiladi. Ya’ni O‘zbekistonda katta ijtimoiy energiya berishdan qo‘rqish kerak emas. Bu ijtimoiy energiyani esa hokimiyatning legitimligi yo‘lida bemalol ishlatish mumkin. Faraz qiling, charxpalakka suv qancha ko‘p quyilsa, u shuncha tezroq aylanadi. Uni to‘xtatish mumkin bo‘lmaydi.

Ijtimoiy energiya shunday, u hokimiyatning legitimligiga suv quyishi ham, legitimligini pasaytirishi ham mumkin.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Unda jumladan, konstitutsiyada inson manfaatlarini ifodalovchi yana qanday normalar aks etishi kerakligi, O‘zbekiston uchun ayni paytda suv va havodek zarur bo‘lgan siyosiy islohotlar, shuningdek, qonun muhokamalari jarayonida jamoatchilikning nofaolligi masalalari muhokama qilinadi.

Suhbatni Ilyos Safarov olib bordi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Top