08:09 / 25.07.2022
13054

Xitoyning global loyiha orqali Rossiyaga kiritgan sarmoyasi nolga tushdi

Yil boshidan beri, 2013 yilda «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasi ishga tushirilgandan buyon birinchi marta Xitoy Rossiyaga sarmoya kiritmadi.

Foto: Ic

Financial Times gazetasining yakshanba, 24 iyul kuni Green Finance & Development Center markazi hisobotiga tayanib yozishicha, 2022 yilning birinchi yarmida Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» rivojlanish va hamkorlik loyihasi doirasida Rossiyaga kiritgan sarmoyasi birinchi marta nolga tushdi. 

Sarmoyaning yetishmasligi Pekinning Rossiya bilan kelishuvlar orqali sanksiyaga tushishni istamasligidan dalolat beradi, deb yozadi gazeta. Markaz direktori Kristof Nedopil Van investitsiyalarning qisqarishi vaqtinchalik bo‘lishi mumkinligini tan oldi, chunki Rossiya va Xitoy o‘rtasida «kuchli o‘zaro hamkorlik» mavjud. Van, xususan, urushga qaramay, XXR Rossiyaning energiya resurslarini sotib olishni ko‘paytirganini eslatdi.

FT’ning ta’kidlashicha, Xitoy 2013 yilda dastur ishga tushirilgandan beri birinchi marta Rossiyaga sarmoya kiritmadi. O‘tgan yili Moskva va Pekin 2 milliard dollarga yaqin shartnoma imzolagan edi. Umuman olganda, 2013 yildan beri Xitoy Rossiyaga 30 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritdi. FT Rossiyani «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasining asosiy benefitsiarlaridan biri sifatida ko‘rsatadi. 2013 yilda loyiha tashkil etilganidan buyon Xitoyning turli mamlakatlarga jami sarmoyasi 932 milliard dollarni tashkil etdi. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri Xitoy RFga qarshi xalqaro sanksiyalarni bir necha bor tanqid qildi, deb eslatgan FT. Ammo ko‘plab Xitoy kompaniyalari o‘rnatilgan cheklovlarni buzmaslikka harakat qilmoqda. May oyida Rossiya Pekinga rekord miqdorda neft sotdi va Xitoyning eng yirik neft mahsulotlari yetkazib beruvchisiga aylandi. Rekord Rossiya nefti Xitoyga katta chegirmalar tufayli sotilayotgani sababli o‘rnatildi - 33 foizgacha. 

AQSh Ukrainadagi urush fonida Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi yaqinlashuvdan bir necha bor xavotir bildirgan. Davlat kotibi Entoni Blinken «Xitoyning bu masalada betarafligiga ishonmasligini» aytdi. 

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I iyul oyi o‘rtalarida Xitoy Ukrainadagi urushda ishtirok etmasligini, ammo vaziyatni qo‘l qovushtirib kuzatib o‘tirmoqchi emasligini ma’lum qildi. Xitoy Ukrainadagi inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi, bu muammoni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga e’tibor qaratadi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri. 

Top