21:09 / 26.07.2022
22637

«Biz pullarni sarflab yuborish uchun so‘ramayapmiz» - «Tolibon» vakillari muzlatilgan pullarni qaytarishga chaqirdi

«Tolibon» hukumati tashqi ishlar vaziri Afg‘onistonga qarshi sanksiyalar tufayli mamlakat iqtisodi va oddiy xalq mushkul ahvolga tushib qolganini ta’kidladi.

26 iyul kuni Toshkent shahrida 100 dan ortiq xorijiy delegatsiyalar ishtirokida «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish» mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda BMT, IHT, ShHT, YeI, shuningdek AQSh, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Yevropa ittifoqi davlatlari, Markaziy Osiyo davlatlari hamda «Tolibon» vakillari qatnashdi.

Tadbirdan so‘ng jurnalistlar uchun qisqa matbuot anjumani o‘tkazgan «Tolibon» tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy bir qancha masalalar bo‘yicha fikr bildirdi.

«Mazkur konferensiyaning ijobiy tarafi – oldingi tadbirlar faqat Afg‘onistonda kuch ishlatishni to‘xtatish va xavfsizlik masalalariga qaratilgan bo‘lsa, bunisi haqiqiy iqtisodiy rivojlanish borasida bo‘ldi. Yana bir muhim narsa – qatnashchilarning ko‘pchiligi real vaziyatni ko‘rib, uni qabul qilayotganida bo‘ldi.

44 yildan so‘ng ilk bor Afg‘onistonda markaziy hokimiyat o‘rnatildi. U xalq vakillari orqali butun mamlakat hududini boshqaradi.

Biz Qo‘shma Shtatlar bilan bir necha marta Afg‘oniston markaziy bankining muzlatilgan pullarini qaytarish borasida natijasiz muzokaralar olib bordik. Biz yana bir bor uchrashib bu haqda gaplashmoqchimiz. Bu afg‘on xalqining puli, uni olib qo‘yish yoki muzlatishga hech kimning haqqi yo‘q.

Afg‘onistonga qarshi kiritilgan sanksiyalar yoki muzlatilgan pullarimiz bizning manfaatlarimiz va davlatimizga qarshi qaratilgan hujumdir. Buning oqibatlari iqtisodimiz va xalqimiz uchun juda yomon bo‘lmoqda», deya toliblar rasmiysining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Tolibon» tashqi ishlar vazirligi vakili Zakir Jaloliy Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida Afg‘oniston xalqaro aktivlarining muzlatilishi noqonuniy harakat hisoblanishini aytib o‘tdi.

«Biz pullarni sarflab yuborish uchun so‘ramayapmiz, bu bizning zaxiralarimiz. U valutamizni qo‘llab-quvvatlaydi. Afg‘oniston Markaziy banki yoki hukumat uni boshqa maqsadlarda ishlatmoqchi emas.

Biz Rossiya va Xitoyning pullarni qaytarish bo‘yicha chaqiriqlarini hurmat qilamiz. Muzlatilgan pullar bizdagi kambag‘allik va iqtisodiy qoloqlikka sabab bo‘lib turibdi.

Afg‘oniston pullarini muzlatib qo‘yishning o‘zi noqonuniy harakat bo‘lgan. Biz bu borada AQSh rasmiy doiralari bilan muzokaralarga kirishganmiz. Bu yerga Afg‘oniston Markaziy banki vakillari ham kelgan. Muzlatilgan pullarni qaytarish bo‘yicha bizni qo‘llayotgan davlatlarga minnatdorchilik bildiramiz», dedi «Tolibon» vakili.

Top