08:12 / 26.07.2022
6159

Yevropa ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Toshkentga keldi

2022 yil 25 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov «Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot» xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatga tashrif bilan kelgan Yevropa ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan uchrashdi.

Foto: TIV axborot xizmati

Tomas Niklassonning ta’kidlashicha, Yevropa ittifoqi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda do‘stlik, ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha mintaqaviy siyosati va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. 

Bildirilishicha, buning natijasida mintaqada qisqa muddatda tarixiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, oliy darajadagi siyosiy muloqot mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar kengaymoqda.

O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlanganini olqishladi va ushbu muhim hujjatni imkon qadar tezroq imzolash zarurligini qayd etdi.

Afg‘onistondagi mavjud vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashildi. T.Niklassonning ta’kidlashicha, Bryussel O‘zbekistonning afg‘on muammosini hal etishdagi siyosiy-diplomatik sa’y-harakatlari va alohida o‘rnini yuqori baholaydi. Yevropa ittifoqining mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha Toshkent bilan muntazam muloqotni davom ettirishdan manfaatdorligi ma’lum qilindi.

Yevropa tomoni Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘z vaqtida o‘tkazilganini qayd etdi. Tadbir ishtirokchilari yuksak saviyasi O‘zbekistonning muhim o‘rni va respublikaning afg‘on muammosini hal etishdagi sa’y-harakatlari e’tirof etilishidan dalolat berishi ta’kidlandi. 

Tadbir shuningdek, rasmiy Toshkent siyosatining izchilligi, afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatishga salmoqli hissa qo‘shishga tayyorligini ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan, Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xab faoliyatiga yuqori baho berildi.

Top