07:27 / 27.07.2022
12080

O‘zbekiston bozorlarida limon, piyoz va guruch qimmatlashdi

Joriy yilning 1–24 iyul kunlari davomida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlari ulgurji narxlari o‘zgarishi yuzasidan tahliliy ma’lumot e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu davr mobaynida bozorda bulg‘or qalampiri (qizil) mandarin va olma 2 500 so‘mga, kartoshka (yangi hosil, import) hamda karam 250 so‘mga, pomidor (qizil) 500 so‘mga arzonlagan.

Shu bilan birga, kivi 8 500 so‘mga, limon 7 500 so‘mga, baqlajon 4 100 so‘mga, sarimsoq piyoz 3 000 so‘mga, turp 2 750 so‘mga, loviya va guruch (alanga) 1 500 so‘mga, piyoz 1 100 so‘mga, guruch (lazer) 1 000 so‘mga, bodring va bulg‘or qalampiri (yashil) 500 so‘mga hamda lavlagi 250 so‘mga oshgan.

1–24 iyul kunlari umumiy qiymati 74,4 mln AQSh dollarlik (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 16 mln dollar ko‘p) jami 112,6 ming tonna (10,9 ming tonna ko‘p) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Mazkur davrda 15,6 ming tonna olxo‘ri, 12,9 ming tonna qovun, 10,9 ming tonna tarvuz, 8,5 ming tonna uzum, 7,2 ming tonna piyoz, 4,3 ming tonnadan loviya va sabzi, 3,4 ming tonna olma, 2,3 ming tonna anjir, 2,1 ming tonna shaftoli, 1,9 ming tonna quritilgan meva tashqi bozorlarga yetkazib berilgan.

Shuningdek, 4,5 mln AQSh dollari (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 1,5 mln dollar ko‘p) qiymatidagi jami 7,5 ming tonna (1,0 ming tonna ko‘p) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, 2,8 ming tonna banan, 2,5 ming tonna kartoshka, 264,9 tonna apelsin, 163,7 tonna olma, 85 tonna limon import qilingan.

Qo‘yliq bozoriga 1–24 iyul kunlari hududlardan jami 22,3 ming tonna, xususan, 7,8 ming tonna kartoshka, 9,6 ming tonna piyoz, 848 tonna karam va 4,0 ming tonna sabzi keltirilgan. 

Hududlar va mahsulotlar kesimida tahlil qilinganda: Samarqanddan 4 766 tonna, Toshkent viloyatidan 1 763 tonna, Namangandan 1 259 tonna kartoshka; Toshkent viloyatidan 6 381 tonna, Jizzaxdan 1 884 tonna, Surxondaryodan 1 143 tonna va Namangandan 220 tonna piyoz; Toshkent viloyatidan 848 tonna karam; Toshkent viloyatidan 1 129 tonna, Andijondan 613 tonna, Qashqadaryodan 541 tonna, Surxondaryodan 527 tonna, Sirdaryodan 430 tonna, Farg‘onadan 420 tonna va Jizzaxdan 344 tonna sabzi mahsulotlari yetkazib berilgan.

Qo‘yliq bozoriga Pokistondan 55 tonna kartoshka keltirilgan.

Chorsu dehqon bozoriga 1–24 iyul kunlari jami 227,3 tonna, jumladan 192,1 tonna mol go‘shti va 35,2 tonna qo‘y go‘shti keltirib sotilgan.

Top