14:08 / 02.08.2022
990

Erkinjon Turdimov Samarqanddagi ma’muriy binolarga 600 ta quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatilishini ma’lum qildi

Ularning 360 tasi quyosh panellari, 240 tasi quyosh suv isitish qurilmasi bo‘ladi.

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

Samarqand viloyatidagi ma’muriy va yordamchi binolarga 600 ta kichik quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatiladi. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bugun, 2022 yil 2 avgust kuni o‘tkazilgan hokimlik soatida ma’lum qilgan.

Hokimlik soatida viloyat hokimi barcha rahbarlar iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish choralarini ko‘rishga mas’ul ekanini aytgan. Rahbarlarga korxona va tashkilotlarda elektr va issiqlik energiyasi xarajatlarini kamida 25 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga ko‘rsatma bergan.

Qayd etilishicha, joriy yil 10 iyun kuni Prezident rahbarligida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Yig‘ilishda mamlakat rahbari tomonidan barcha vazirlik va idora, hokimlik, mahalla binolarini muqobil energiyaga o‘tkazish vaqti kelganini ta’kidlab o‘tgandi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkilotlarning ma’muriy (yordamchi) binolariga kichik quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish reja-taqsimoti ishlab chiqilgan.

Taqsimotga ko‘ra birinchi navbatda viloyatdagi korxona, tashkilotlarning ma’muriy va yordamchi binolariga 600 ta kichik quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatiladi. Ularning 360 tasi quyosh panellari, 240 tasi quyosh suv isitish qurilmasi bo‘ladi.

Top