08:26 / 04.08.2022
14169

AEXA: Zaporojye AES «nazoratdan butunlay chiqib ketdi»

AEXA bosh direktori Rossiya va Ukrainani yadroviy avariyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun agentlik missiyasini Zaporojye AESga kirishiga ruxsat berishga chaqirdi.

Foto: Reuters

Rossiya tomonidan bosib olingan hududda joylashgan Yevropadagi eng yirik Zaporojye atom elektr stansiyasi (AES) «butunlay nazoratdan chiqib ketdi», u yerda vaziyat «juda tarang», dedi AP agentligiga Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) bosh direktori Rafael Grossi 3 avgust, chorshanba kuni. 

«Stansiyada yadro xavfsizligining barcha tamoyillari buzilgan. Hozirgi vaziyat juda jiddiy va xavfli», - deya ta’kidladi Grossi. Unga ko‘ra, stansiyaning jismoniy daxlsizligi buzilgan, urush boshida AES rus qo‘shinlari tomonidan egallab olinganda o‘qqa tutilgan. 

Grossining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan nazorat qilinadigan stansiyada «paradoksal vaziyat» yuzaga kelgan, sababi ukrainalik xodimlar uning ishini boshqarishda davom etmoqda, bu esa muqarrar keskinlikka olib keladi. AEXA xodimlar bilan ba’zi aloqalarga ega bo‘lsa-da, ular «mukammal» va «bir xil emas», dedi Grossi. 

Shuningdek, AEXA rahbarining ta’kidlashicha, agentlik AES o‘zi uchun zarur bo‘lgan hamma narsani olayotganiga ishonchi yo‘q, chunki uskuna va ehtiyot qismlar yetkazib berish zanjiri uzilgan. 
 
«Yadroviy avariyaning oldini olish uchun» AEXA yadroviy materiallar himoyalanganini ta’minlash maqsadida AESni tekshirishi kerak, dedi Grossi. «Shuning uchun men birinchi kundanoq, Chernobilda bo‘lgani kabi, xavfsizlikni baholash, ta’mirlash va yordam ko‘rsatish uchun u yerga borishimiz lozimligini ta’kidladim», deya Rossiya va Ukrainani hamkorlikka chaqirdi u. 

«Men xalqaro davlat xizmatchisi sifatida, xalqaro tashkilot rahbari sifatida ikkala tomondan ham ushbu missiyani amalga oshirishga ruxsat berishlarini iltimos qilaman», dedi Grossi. 

Avvalroq DW nashriga bergan intervyusida AEXA direktori hozirgi sharoitda bunday safarni tashkil etishni «qiyin vazifa» deb atagan edi. Sababi, stansiya o‘qqa tutilishi davom etayotgan urush zonasida joylashgan va missiya nafaqat BMT tomonidan, balki Ukraina tomonidan ham nazorat qilinishi kerak, chunki AEXA bu mamlakatni «AESning yagona qonuniy egasi» deb biladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top