12:00 / 05.08.2022
15336

Tayvan Xitoy mashqlariga javoban samolyot va kemalar yubordi

Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning to‘rtta raketasi Tayvan bo‘g‘ozidagi keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar vaqtida Tayvan ustidan uchib o‘tgan. G‘arb davlatlarining bir qator deputatlari bahsli orolga tashrif buyurishi mumkin.

Foto: Reuters

Tayvan qurolli kuchlari orolni o‘rab turgan hududlarda keng miqyosdagi havo va dengiz harbiy mashg‘ulotlar fonida vaziyatni kuzatish uchun samolyotlar, kemalar va quruqlikdagi raketa tizimlarini jo‘natdi. Bu haqda 5 avgust, juma kuni Tayvan Mudofaa vazirligi ma’lum qilib, Xitoy manyovrlarini o‘ta provokatsion deb atadi. Uning xabar qilishicha, shu kuni ertalab Xitoyning bir qancha kemalari va samolyotlari Tayvan bo‘g‘ozining o‘rta chizig‘ini kesib o‘tgan. Shu bilan birga, Tayvan harbiylari jangovar shay holatga keltirildi, bu harakatlar urush boshlash bo‘yicha ishora emas, deyiladi ma’lumotda.

Tayvan ma’muriyati rahbari Tsay Inven Xitoyning orol yaqinidagi mashqlarini «mas’uliyatsizlik» deb atadi. Videomurojaatida u Pekinni aql-idrok va vazminlikka chaqirdi. Tayvan keskinlikka bormaydi, lekin status-kvoni saqlab qolishni xohlaydi, deya ta’kidladi u. Tsay, shuningdek, uning ma’muriyati Tayvan portlari va aeroportlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda moliyaviy bozorlarni barqarorlashtirish uchun choralar ko‘rayotganini aytdi.

XXR davlat OAV mashg‘ulotlar davomida Xitoy raketalari Tayvan ustidan uchib o‘tganini xabar qildi. Pekin rasmiy ravishda bu faktni hali tasdiqlamadi, Taybeydagi ma’muriyat esa razvedka pozitsiyasiga tayanib, Xitoy raketalarining parvoz yo‘nalishini tasdiqlash yoki rad etishdan bosh tortdi. O‘z navbatida, Yaponiya Mudofaa vazirligi qayd etilgan to‘qqizta raketadan to‘rttasi «taxminan Tayvanning asosiy oroli ustidan uchib o‘tganini» ma’lum qildi. 

Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlar davomida harbiylar 100 dan ortiq jangovar samolyot, jumladan qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar, shuningdek, 10 dan ortiq esminets (eskadra mina tashuvchisi) va fregat (soqchi harbiy kema)larni jalb qilgan. 

AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi ortidan boshlangan Xitoyning Tayvan bo‘g‘ozidagi mashg‘ulotlari 7 avgustgacha davom etishi kutilmoqda. Ular Taybey rasmiylari, shuningdek, AQSh, Yaponiya va YeI tomonidan keskin tanqidga uchradi. 

Ayni paytda, g‘arb davlatlari, jumladan, nemis deputatlari Tayvanga tashrif buyurishi mumkin. Bundestagning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi oktabr oyi oxirida orolga safar qilishni rejalashtirmoqda, bu boradagi ariza sentabr oyi boshidan kechiktirmay topshiriladi, deb yozadi dpa qo‘mitaning bir necha a’zolariga tayanib. Shu bilan birga, tashrif uzoq vaqtdan beri rejalashtirilgan va Pelosining safari bilan bog‘liq emas, deyiladi xabarda.

So‘nggi kunlarda Nensi Pelosining oroliga tashrifi munosabati bilan Xitoyning materika qismi va Tayvan ma’muriyati o‘rtasidagi taranglik kuchaydi, AQSh vakili 2 avgust kuni kechqurun Osiyo mamlakatlari bo‘ylab turnesi doirasida Tayvanga uchib keldi va 3 avgust kuni uni tark etdi. Tashrif davomida Tayvanni Vashingtonning qo‘llab-quvvatloviga ishontirgan Pelosi 25 yil ichida Tayvanga tashrif buyurgan Qo‘shma Shtatlar Kongressi Vakillar palatasining birinchi spikeri bo‘ldi. 

Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydigan Xitoy rasmiylari uning orolga kelishidan oldin ham keskin tanqid qilgan. 4 avgust kuni, Pelosi ketganidan so‘ng Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi Tayvanga yaqin hududda avval e’lon qilingan havo va dengiz harbiy mashg‘ulotlarini boshladi. 

Top