15:57 / 05.08.2022
7339

Xitoy Pelosi va uning oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi

Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy hududiy yaxlitligini buzdi, deya ma’lum qildi XXR TIV. Xitoy elchisi Tayvan bo‘g‘ozidagi Xitoy harbiy manyovrlari fonida Oq uyga chaqirtirildi.

Foto: Getty Images

AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurganidan so‘ng, Xitoy hukumati unga qarshi sanksiyalar kiritdi. Jazo choralari amerikalik siyosatchining oila a’zolariga ham tegishli, deya ma’lum qildi 5 avgust, juma kuni XXR TIV. Pekinda ta’kidlanishicha, Tayvanga tashrifi bilan Pelosi «Xitoy ichki ishlariga aralashdi» va «mamlakat hududiy yaxlitligini» buzdi. Qanday sanksiyalar haqida gap ketayotgani xabar qilinmagan.

O‘z navbatida, Oq uy Xitoy elchisi Tsin Ganni Tayvan bo‘g‘ozida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan xitoylik harbiylar choralari fonida chaqirtirdi. XXR elchisi Pekinning Tayvanga nisbatan «provokatsion harakatlari»ni fosh qilish va unga AQSh mintaqada inqiroz bo‘lishini istamasligini aytish uchun chaqirtirildi, dedi Oq uy huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi The Washington Post nashriga. 

Bundan tashqari, Xitoy tashqi siyosat idorasi Yaponiya elchisini Tokio Xitoyning G7 guruhi doirasidagi harbiy mashqlarini tanqid qilgani munosabati bilan chaqirtirgani xabar berildi. Diplomatga rasmiy protest topshirildi. Bir kun avval Xitoy TIV «katta yettilik» boshqa mamlakatlari elchilarini hamda YeI vakilini ham chaqirtirgan edi. 

So‘nggi kunlarda Nensi Pelosining oroliga tashrifi munosabati bilan Xitoyning materik qismi va Tayvan ma’muriyati o‘rtasidagi taranglik kuchaydi, AQSh vakili 2 avgust kuni kechqurun Osiyo mamlakatlari bo‘ylab turnesi doirasida Tayvanga uchib keldi va 3 avgust kuni uni tark etdi. Tashrif davomida Tayvanni Vashingtonning qo‘llab-quvvatloviga ishontirgan Pelosi 25 yil ichida Tayvanga tashrif buyurgan Qo‘shma Shtatlar Kongressi Vakillar palatasining birinchi spikeri bo‘ldi. 
 
Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydigan Xitoy rasmiylari uning orolga kelishidan oldin ham keskin tanqid qilgan. 4 avgust kuni, Pelosi ketganidan so‘ng Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi Tayvanga yaqin hududda avval e’lon qilingan havo va dengiz harbiy mashg‘ulotlarini boshladi. 
 
Tayvan Mudofaa vazirligi Xitoy manyovrlarini o‘ta provokatsion deb atadi. Tayvan qurolli kuchlari orolni o‘rab turgan hududlarda keng miqyosdagi havo va dengiz harbiy mashg‘ulotlar fonida vaziyatni kuzatish uchun samolyotlar, kemalar va quruqlikdagi raketa tizimlarini jo‘natdi. 

Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning to‘rtta raketasi Tayvan bo‘g‘ozidagi keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar vaqtida Tayvan ustidan uchib o‘tgan. 

Top