17:00 / 19.08.2022
6792

Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ yosh energetiklarning xalqaro forumiga start berdi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan o‘tkazilayotgan “Birlashsak, katta kuchmiz!” xalqaro yoshlar forumida yurtimiz yoqilg‘i-energetika korxonalari vakillari qatorida Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlardan yosh energetiklar ishtirok etmoqda. 

18-22 avgust kunlari “Farg‘ona IEM” AJda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan forum O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashi va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida o‘tmoqda.  

Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarga Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi, yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati tamoyillari ijrosini ta’minlash hamda mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligini munosib kutib olish maqsadida o‘tkazilyapti. 

Qolaversa, xabaringiz bor, joriy yilning 21 iyul kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvi”da nutq so‘zlar ekan, “Yoshlarimizning qarash va intilishlari o‘xshashligiga, ularning ulkan intellektual salohiyatiga yana bir bor amin bo‘ldik. Ularning ilg‘or tashabbuslari, kreativ yondashuvlari va startap loyihalarini bundan buyon ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Navbatdagi uchrashuvimizgacha yoshlarga doir siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim tayyorlashni taklif etamiz” , - deya ta’kidlagan edi. 

Forum tashkilotchilari ayni jihatlarni e’tiborga olgan holda unga alohida tayyorgarlik ko‘rishdi. 

Dastavval, forum ishtirokchilari Marg‘ilon temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar Marg‘ilon shahrida joylashgan “Hunarmandlar” markazida, XVI asr o‘rtalarida qurilgan Pir Siddiq, xalq tili bilan aytganda “Kaptarli mozor” ziyoratgohida va Marg‘ilon shahridagi ijodkorlar bog‘iga yo‘l olishdi. Forum ishtirokchilari bu yerda xalqimiz suygan shoir Erkin Vohidov haykali poyiga gul qo‘ydilar.

So‘lim vodiy oqshomida “Farg‘ona IEM” AJ forum ishtirokchilarini “Moziy va yoshlar” san’at va madaniyat festivaliga chorladi. Unda hududlardan tashrif buyurgan energetika korxonalari milliy taomlar ko‘rgazmasi, folklor chiqishlari va osh chempionatida o‘zaro bellashishdi.

Nufuzli hakamlar hay’ati jamoalarning ishtirokiga baho berib, g‘olib va sovrindorlarni aniqlashdi.

Xalqaro yoshlar forumining tantanali ochilish marosimi bayram shodiyonasiga aylandi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati 

Top