21:59 / 21.08.2022
6899

O‘zbekistonda karlar uchun maxsus mobil ilova tayyorlanmoqda

 Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib qaytgan O‘zbekiston karlar jamiyati vakillari eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolar va sayyohlarning hayotini osonlashtiradigan innovatsion yechimlarni O‘zbekistonda ham joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida Kun.uz'ga ma’lumot berdi.

Foto: Ma’mur Ahliddinov

O‘zbekistonda eshitishi qobiliyatini yo‘qotgan insonlar turli tashkilot va korxonalarga murojaat qilishda jiddiy to‘siqlarga uchraydi. Savodi sustligi tufayli ular yozma aloqada ham qiyinchiliklarga duch kelishadi.

Bunday muammo BAAda ham bor edi, lekin hozirda mamlakat raqamli texnologiyalarni faol joriy qilib, eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning hayotini yaxshilamoqda, shuningdek, nogironligi bor sayyohlarni qabul qilib, to‘siqsiz sayohat qilish uchun sharoit yaratyapti.

Foto: Ma’mur Ahliddinov

Gulf People of Determination Information Technologies loyihasi doirasida eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun dastur ishlab chiqib, mahalliy sinovlar o‘tkazilmoqda. Karlar jamiyati vakillari va faollari bu tajribani O‘zbekistonda ham joriy etishni taklif qilmokda.

Eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning savodi darajasi pastligi ularning boshqalar bilan muloqot qilishda qiyinchilikka duch kelishi, ma’lumotlarning yetishmasligi, jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarni o‘tkazib yuborishi kabi omillar bilan bog‘liq. Bu nafaqat ularning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, balki savodxonligining zaiflashishiga, o‘z huquqlarini talab qila olmasliklariga olib keladi.

Inklyuziv jamiyat yaratishda zamonaviy texnologiyalarning o‘rni beqiyos. Ular yordamida eshitadigan va eshitmaydigan insonlar o‘rtasidagi aloqani soddalashtirish mumkin.

Texnologiyalar eshitmaydigan insonlarning nafaqat davlat xizmatlaridan, balki tadbirkorlar taklif etayotgan xizmatlardan ham ko‘proq foydalanishiga olib keladi, eshitmaydigan sayyohlar oqimini oshiradi. Bular esa mamlakat iqtisodiyoti o‘sishiga ham turtkidir.

Iyul oyi o‘rtalarida O‘zbekistonga Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan 200ga yaqin eshitishida nuqsoni bo‘lgan sayyohlar keldi. Surdotarjimonlarning yetishmasligi sababli ular diqqatga sazovor joylar va muzeylarga tashrifi chog‘ida sifatli ma’lumot olishda qiyinchilikka duch kelishdi. Muzeylar va boshqa obidalar tarixini batafsil bilib olishga qiynalishdi.

Foto: Ma’mur Ahliddinov

O‘zbekistonda ishlatiladigan imo-ishora tili – MDH davlatlarida ham ishlatishadi. Yuqori texnologiyalarni joriy etish mamlakatimizga eshitishida nuqsoni bo‘lgan sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

BAAda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun infratuzilma dunyodagi ilg‘or sohalardan biri hisoblanadi va bu tajriba endi O‘zbekistonda joriy etilishi mumkin. O‘zbekiston karlar jamiyati vakillari amirliklar tajribasini o‘rganish maqsadida ushbu mamlakatda bo‘lib qaytdi.

Mutaxassislar Gulf People of Determination Information Technologies'ning Dubaydagi ofisida bo‘lib, bu yerda nafaqat davlat muassasalarida, balki boshqa xizmatlardan foydalanishda, shuningdek kundalik hayotda ishlatadigan mahsulotlarni xarid qilishda ham surdotarjima ilovasi dasturidan foydalanish qanchalik qulayligini his qilishdi.

Imo-ishoraga masofadan (onlayn) tarjima qilish dasturi – Android va iOS uchun ilova bo‘lib, uni har qanday mamlakat va har qanday vaziyatga oson moslashtirish va tatbiq qilish mumkin.

Foto: Ma’mur Ahliddinov

Hozirda bu dasturni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda yirik biznes vakillari va davlat idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ilova foydalanish uchun qulay va sodda dastur bo‘lib, mamlakatimizdagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun asosiy vositaga aylanadi. Shuning uchun texnologiyani birinchi bo‘lib qabul qilgan kompaniyalar raqobatdosh ustunlikka ega bo‘lib, eshitishida nuqsoni bo‘lgan mijozlarning ishonchini qozonadi.

O‘zbekistonda eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun maxsus ilova tez orada paydo bo‘lishi kutilyapti.

Top