18:38 / 22.08.2022
13342

Jozep Borrel rossiyaliklarning Yevropaga kirishi taqiqlanishiga qarshi chiqdi

Borrelning fikricha, YeI «oligarxlar» uchun chegaralarini yopishi kerak, lekin vatanidan qochib ketishni istayotgan rossiyaliklar ko‘p ekanligini yodda tutishi lozim.

Foto: Reuters

Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel ittifoq hududiga rossiyaliklarning kirishi taqiqlanishiga qarshi chiqdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

«Barcha rossiyaliklarning kirishini taqiqlash – yomon fikr», — dedi  Borrel.

Uning fikricha, YeI «oligarxlar» uchun chegaralarini yopishi kerak, lekin vatanidan qochib ketishni istayotgan rossiyaliklar ko‘p ekanligini yodda tutishi lozim.

YeIning ayrim mamlakatlari viza berishni taqiqlash uchun ma’lum choralarni ko‘rdi, buni YeIning boshqa mamlakatlari qo‘llab-quvvatlamaydi va avval bu choralarni Yevroittifoq darajasida muhokama qilgan ma’qul edi, deya qo‘shimcha qildi Borrel.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avgust oyi boshida Rossiyaning o‘z mamlakatiga bostirib kirishi uchun sanksiyalar qo‘llashga chaqirganidan so‘ng, ruslarga Yevropa vizalarini berishni to‘liq taqiqlash zarurligi haqidagi muhokama qayta boshlandi.

Chexiya, Estoniya, Latviya va Litva hukumatlari ham qattiq cheklovlar tarafdori bo‘lib turibdi. Shengen vizalari berishni cheklash masalasi avgust oyi oxirida YeI kengashida muhokama qilinadi.

Germaniya kansleri Olaf Shols RF fuqarolariga viza berishni butunlay taqiqlashni qo‘llab-quvvatlamasligini aytib, siyosiy ta’qib tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan rossiyaliklar haqida eslatdi.

«Biz qabul qilayotgan barcha qarorlarimiz ularning ozodlikka erishish va Rossiyadagi diktaturadan qutulish uchun mamlakatni tark etish jarayonini murakkablashtirmasligi kerak. Bu rus xalqining urushi emas, bu Putinning urushi», - dedi Shols.

Mavzuga oid
Top