16:20 / 01.09.2022
20128

Safronov ishi. Jurnalistga nima uchun 24 yil so‘rashmoqda?

Jurnalist Safronovga 24 yil qamoq jazosi so‘rashdi. U Rossiya va Misr o‘rtasidagi maxfiy harbiy kelishuv haqida yozgandi.

Foto: Anton Novoderejkin / TASS

30 avgust kuni Moskva shahar sudida davlatga xiyonatda ayblanayotgan jurnalist Ivan Safronov ishi bo‘yicha tomonlar munozarasi o‘tkazildi. Prokuror jurnalist uchun 24 yillik qamoq jazosi so‘radi.

BBC muxbiriga ko‘ra, Safronovga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlar bevosita uning jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq. Gap shundaki, 2019 yil Safronov Rossiya Misrga Su-35 qiruvchi samolyotlari yetkazib berishi to‘g‘risida maqola yozadi. Bu esa Misr mudofaa tizimidagilar orasida mojaro kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Rasmiy Qohiraning bu maqoladan noroziligi to‘g‘risidagi bildirishnomasi Safronovga nisbatan qo‘zg‘atilgan davlatga xiyonat ayblovi doirasidagi ishga biriktirilgan. Federal xavfsizlik xizmati tergovchilari guvohlarga ham aynan shu mavzuda savollar bergan.

Safronov qamoqxonada allaqachon 2,5 yil muddat o‘tkazdi. FXX va Kreml uning qo‘lga olinishi jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq emasligini iddao qilib keladi. Bu borada Putin ham gapirgandi. «U shunchaki hukumatga qarshi chiqqan norozi kayfiyatdagi jurnalist emas, uni professional jurnalistik faoliyati uchun qamoqqa olishgani yo‘q», degandi Rossiya prezidenti.

FXX Safronov ishida deyarli barcha guvohlardan unga nisbatan ilgari surilayotgan ayblov jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq emasligi to‘g‘risida ko‘rsatma olgan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, Safronov Chexiya fuqarosi Martin Larish va germaniyalik siyosatchi Demuri Voronin bilan hamkorlik qilgan. FXX bu ikki odamni razvedkachi deb atagan. Unda aytilishicha, Safronov ismi keltirilgan odamlarga Rossiyaning boshqa davlatlar bilan harbiy hamkorligi haqidagi yettita fayl bergan va bu fayllarda maxfiy ma’lumotlar bo‘lgani aytiladi.

«Proyekt» loyihasi Safronov chet el razvedkasi vakillariga bergani aytilayotgan ma’lumotlar ochiq manbalarda borligi, hatto OAVda e’lon qilinganiga e’tibor qaratgan. BBC jurnalisti aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, go‘yoki davlatga xiyonat ayblovi bo‘yicha Safronovni kuzatish aynan o‘sha shov-shuvli maqolasidan keyin boshlangan.

BBC bu borada surishtiruv o‘tkazish jarayonida tahririyatga shaxsini oshkor qilishni istamagan shaxs tomonidan misrlik mansabdorlarning Rossiya Federal harbiy-texnik hamkorlik xizmatiga yozgan ikkita xati kelib tushadi. Manba bu yozishmalarni o‘qish vakolatiga egaligini aytgan. Xat 2019 yil bahorda, Safronov va uning hamkasbi Aleksandr Jorjyevich «Kommersant»da Su-35 qiruvchi samolyotlarining Misrga yetkazib berilishi borasida maqola e’lon qilganidan keyin yozilgan. Safronovning advokati Yevgeniy Smirnovning aytishicha, ushbu xatlar mijozining davlatga xiyonat ayblovi bo‘yicha ishiga ham kiritilgan.

Nega misrlik generallarga Rossiyada senzura kerak bo‘lib qoldi?

2019 yil 18 mart kuni «Kommersant» gazetasida «Su-35 Misr kuchlarini mustahkamlaydi» sarlavhasi ostida maqola chop etiladi. Unda Moskva rasmiy Qohira bilan 20 dan ortiq Su-35 qiruvchi samolyotlarini butlovchi qismlari bilan birga 2 milliard dollarga sotish bo‘yicha kelishuvga erishgani hikoya qilinadi. Ushbu xabar mudofaa sanoatidagi ikki top-menejyerga asoslanib beriladi.

Bu xabar rus mediasida tezda tarqalib ketadi. Mamlakatdagi barcha katta nashrlar «Kommersant»ga asoslanib bu haqda xabar beradi, telekanallarda syujyetlar ham ko‘rsatiladi. «Interfaks» esa o‘z manbalariga asoslanib samolyotlarni yetkazib berish allaqachon boshlanib bo‘lganini yozadi. Bu esa Safronov to‘g‘ri xabar berganidan dalolat edi.

Bu xabarni tezda Rossiya qiruvchi samolyot yetkazib bergan buyurtmachilar ham o‘qishadi. Mirsning mudofaa masalalari bo‘yicha Moskvadagi attashesi general Muhammad Mansiy Rossiya Federal harbiy-texnik hamkorlik xizmatiga xat yozib, bu borada tegishli chora ko‘rishni so‘raydi. Ikkinchi xatni Misr armiyasi boshqarma boshlig‘i general-mayor Tariq Said Zaglul yozadi. Bu xat ancha keskin ohangda bitilgan bo‘lib, unda yozilishicha, maqola chiqqan vaqtda AQShda bo‘lib turgan Misr arab respublikasi bosh shtabi boshlig‘i noqulay ahvolga tushib qoladi.

Rossiyaning Su-35 qiruvchisi (arxiv foto)

2019 yilda Misr armiyasi bosh shtabi boshlig‘i lavozimida Muhammad Farid Xegaziy ishlayotgandi. Ochiq manbalarda uning AQShga tashrifi haqida xabar yo‘q, ammo 20-22 mart kunlari Vashingtonda AQSh va Misr harbiy doiralari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, unda tomonlar bir-biriga qandaydir norozilik bildirgani haqida ham so‘z boradi. Safronov «Kommersant»dagi maqolasida Misr Rossiyadan samolyot sotib olish orqali AQSh sanksiyalariga uchrashi mumkinligi haqida yozgandi.

General-mayor Tariq Said Zaglul yozgan xatda aytilishicha, Mirs tomoni Rossiyadan bir necha marta harbiy hamkorlik shartnomalari bo‘yicha ma’lumotlar tarqalmasligini ta’minlashni so‘ragandi.

«Kommersant»da e’lon qilingan maqola Misrda yo uchinchi tomonga berilgan signal yoki kutilmaganda OAV erkinligi ortidan chiqib ketgan deb qabul qilingan. Misr esa har qanday holatda harbiy hamkorlik bo‘yicha xabarlar tarqalib ketishidan norozi bo‘lgan.

Misrlik generalning xati oxirida Rossiyada harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv tafsilotlari tarqalgani ikki davlat o‘rtasidagi boshqa kelishuvlarga ham salbiy ta’sir qilishi, Misr boshqa davlatlar bilan munosabatda bosim ostida qolishi aytilgan. Shuningdek, general Zaglul harbiy hamkorlik tafsilotlari OAVda tarqalishi ortidan kelib chiqadigan har qanday salbiy oqibat uchun Rossiya tomoni javobgar ekanini yozgan. Xatda Rossiya tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi kelishuv tarqalishining oldini olishni ta’minlash so‘ralgan.

Ish qanday qilib davlatga xiyonat darajasigacha ko‘tarildi?

Advokatlarning aytishicha, sud jarayonida Misrga Su-35 samolyotlarini yetkazib berish haqida so‘z bormagan, ammo bu boradagi maqola ishga kiritilgan. Shuningdek, ishga kiritilgan aksar ma’lumotlar aynan maqola chiqqan 2019 yil bahoridan keyingi vaqtda sodir bo‘lgan voqealarga taalluqli. BBC'ga ko‘ra FXX xodimlari 2019 yil may-iyun oylarida Safronovning uyidagi kompyuterdagi fayllarni ko‘rishga muvaffaq bo‘ladi. Jurnalistning kompyuterida foydalanuvchi unda nimalar qilayotganini ko‘rsatib turuvchi maxsus dastur ham o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Safronovning advokati mijozi 2014 yildan buyon Rossiya jinoyat kodeksining 283-moddasi – «Davlat sirini oshkor qilish» ayblovi bo‘yicha kuzatilganini aytdi. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalist Safronov bunday ayblov obekti bo‘la olmaydi, chunki bunday modda davlat siri ishonilgan yoki xizmat vaqtida davlat sirini bilishi mumkin bo‘lgan xodimlarga nisbatan ochiladi. Safronov bunday maxsus xodimlar sirasiga kirmaydi. 2019 yil bahoridan boshlab esa Safronov «Davlatga xiyonat» ayblovi bo‘yicha kuzatilgan.

Shartnoma nima bo‘lgan?

Rossiya Federal harbiy-texnik hamkorlik xizmati misrlik hamkorlaridan kelgan xatlarga qanday munosabat bildirgani aniq emas. BBC bu borada tashkilotga so‘rov yuborgan, ammo javob olgani yo‘q. Shuningdek, Rossiya va Misr o‘rtasida Su-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv taqdiri ham noma’lum. Bunday kelishuv borligi haqida rasman ma’lumot ham berilmagan. Ammo 2019 yil 9 aprel kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo mamlakat Misrni Rossiyadan Su-35 sotib olgani uchun sanksiyalar orqali jazolashini aytgandi. Senatorlar Pompeodan Misrga bosim qilib, bu kelishuvni bekor qilishga erishishni so‘raydi. Ammo Pompeo o‘sha vaqtda Vashingtonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy uchun shu ogohlantirishning o‘zi yetarli bo‘lishini aytadi.

2019 yil noyabr oyida Pompeo Misrni Rossiyadan qiruvchi samolyot sotib olayotgani uchun ogohlantirgan, bu Misrga kamida AQSh bilan oldi-berdi qilishda muammo tug‘dirishini aytgandi.

2020 yil may oyida Rossiyaning TASS axborot agentligi mamlakat Misr bilan kelishuv asnosida yangicha turdagi Su-35 qiruvchilarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani haqida yozadi. Xabarda «Kommersant»dagi Safronovning maqolasi asos qilib olinadi. O‘sha yil Ivan Safronov qo‘lga olingach, iyulda OAV Su-35ning yangicha ko‘rinishiga e’tibor bera boshladi. 2021 yil iyun va dekabr oylarida bu samolyotlar Jukovskiydagi sinov-parvoz instituti aerodromida ko‘rinish beradi.

2022 yil Fransiyaning Air&Cosmos nashri koinotdan olingan suratlarga asoslanib, Rossiyaning Misr uchun mo‘ljallangan Su-35 qiruvchilari Komsomolskdagi aviatsiya zavodida turganini xabar qildi. 2021 yil iyun oyida zavod maydonida 11 ta samolyot bo‘lgan, dekabrga borib esa ularning soni 15 taga yetgan. Nashr bu samolyotlar Misr uchun mo‘ljallangan degan qarorga kelgan, chunki Rossiya avvalroq Misrga yetkazib bergan MiG-29M/MM qiruvchilarining kamuflyaji ham yangi Su-35nikiday bo‘lgan. 2022 yilga kelib zavod samolyot maydonida 20 ta Su-35 paydo bo‘ladi. Fransuz nashri qiruvchilarning bo‘yalgan tusidan bu Misr uchun mo‘ljallanganiga shubha qilmaydi.

Ayblovda Safronovning maqolasi haqida nima deyiladi?

OAVda e’lon qilingan ayblovda Safronovning «Kommersant»da e’lon qilgan maqolasi haqida ham so‘z boradi. Xususan, Federal harbiy-texnik hamkorlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Konstantin Biryulin va «Rosoboronaeksport» matbuot kotibi Vyacheslav Davidenkoning so‘zlari keltirilgan. Davidenkoning aytishicha, Safronov unga tez-tez qo‘ng‘iroq qilib Rossiyaning harbiy hamkorlik masalalari bo‘yicha ma’lumot olishga uringan. «Su-35 masalasidachi?» degan savolga Davidenko «Shunga o‘xshash» deb javob bergan.

Shuningdek, ayblovda aytilishicha, Safronovning maqolasi bo‘yicha Bosh harbiy prokuratura tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan, «Rosoboronaeksport» tomonidan esa uni o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan. Ammo ularning natijasi qanday bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagan.

Konstantin Byurilin ham Safronovning Misr bilan tuzilgan shartnomaga qiziqib yurganini tasdiqlagan. Qizig‘i, uning 2016 yil Federal harbiy-texnik hamkorlik xizmatidan ketgani haqida birinchi bo‘lib aynan Safronov «Kommersant»da xabar bergan. Biryulinning aytishicha, 2019 yil 17 mart kuni (maqola chiqishidan avval) Safronov unga qo‘ng‘iroq qilib Su-35 haqida ma’lumot olishga uringan. Qizig‘i, o‘sha vaqtda Biryulin Federal harbiy-texnik hamkorlik xizmatidan ketganiga uch yil bo‘lgandi. Ayblov xulosasida uni «Taktik raketali qurollanish» aksionerlik jamiyati xodimi sifatida ko‘rsatishgan. Konstantin Biryulin qiruvchi samolyotlar haqida maxfiy ma’lumotlarni bilish-bilmasligiga oydinlik kiritilmagan.

Maqola saytdan o‘chirilgan

Ayblovda «Kommersant» gazetasining 2021 yil 25 oktyabr kuni imzolangan rasmiy xati ham keltirilgan. Unda aytilishicha, 2019 yil chop etilgan Su-35 haqidagi maqola, shuningdek, 2014 va 2015 yillarda chop etilgan yana to‘rtta maqola gazeta saytida bloklab qo‘yilgani aytiladi. Ma’lum bo‘lishicha, «Kommersant» bosh muharriri o‘rinbosari Aleksandr Stukalinning tpshirig‘iga ko‘ra Su-35 haqidagi maqola «Roskomnadzor» talabiga bilan o‘chirib tashlangan. «Kommersant»ning xatida ham, ayblov xulosasida ham maqolalar qaysi sababga ko‘ra bloklangani yoki o‘chirilgani aytilmagan. Ammo «tezkor-qidiruv tadbir» davomida tergovchilar ushu bloklangan maqolalar «maxfiy» darajadagi davlat sirini oshkor qilgani aytiladi. «Roskomnadzor» aynan davlat sirini fosh qilgani sabab ularni o‘chirishni talab qilgan.

Qizig‘i, davlat sirini fosh qilganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi modda Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga 2016 yilda kiritilgan. Ammo ishda Safronov 2014 yildan buyon maxfiy ma’lumotlarni tarqatib kelgani aytiladi. «Kommersant» gazetasi arxivida esa Rossiyaning harbiy-texnik hamkorligi bo‘yicha Safronovning o‘nlab maqolalarini topish mumkin. Xususan, Misr bilan hamkorlik haqida. 2011 yil «Rosoboronaeksport» rahbari Anatoliy Isaykin Rossiyaning Liviya, Tunis va Misrga qurol yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar bekor bo‘lgani haqida ochiq aytgan ham.

2012 yil Safronov Misr Amerikadan tank sotib olayotgani, Rossiya uchun bu bozor deyarli yopiqligi haqida yozadi. 2013 yilda esa jurnalist aksar davlatlarda, xususan, Misrda harbiy buyurtmalarni sotib olishda oddiygina javobgarlik yetishmasligi haqida surishtiruvni tarjima qiladi.

2016 yil Safronov Rossiya Misrga «Antey-2500» tizimi uchun ehtiyot qismlar yetkazib bergani haqida yozib, bu ikki davlat o‘rtasidagi 3,5 milliard dollarlik kelishuv doirasida amalga oshirilganini aytadi. O‘shanda Misrga bir nechta «Buk-M2E» tizimlari, vertolyot butlovchi qismlari, «Kornet-E» zenit-raketa komplekslari yetkazib berilgandi. Shuningdek, o‘sha vaqtda Rossiya Misrga 46 ta MiG-35 qiruvchi samolyotlari yetkazib berishi kutilgan va bu savdo 2 milliard dollarga baholangandi.

2017 yil Safronov Rossiya Misrga Ka-52 zarbdor vertolyotlari yetkazib berishi haqida yozilgan maqola mualliflaridan biri bo‘ladi. 2018 yilda esa Misrdagi mashg‘ulot parvozida MiG-29M/M2 qiruvchi samolyoti halokatga uchragani haqida birinchi bo‘lib aynan Safronov xabar qiladi.

Davlat siri bormidi?

2019 yil 26 mart kuni Malayziyadagi Lima-2019 ko‘rgazmasida «Rosoboronaeksport» rahbari o‘rinbosari Sergey Kornev «Interfaks»ga «Kommersant»dagi maqolada keltirilgan shartnoma hali imzolanmaganini aytgandi. «Kommersant» bu xabarni o‘z saytida e’lon qiladi.

Ko‘p o‘tmay, aprel oyida «Kommersant» Safronovning boshqa bir maqolasi sabab yangi mojaroga o‘ralashib qoladi. Unda Rossiya hukumatida kadrlar o‘zgarishi kutilayotgani, Rossiya federatsiya ittifoqi rahbari Valentina Matviyenko ishdan ketib, uning o‘rnini Tashqi razvedka xizmati raisi Sergey Narishkin egallashi aytiladi. Bu xabardan bir oy o‘tib esa Safronov «Kommersant»dan ketishga majbur bo‘ladi, chunki u o‘zining maxfiy manbasi kim ekanini oshkor qilishni istamaydi. Safronov ketishi ortidan uni qo‘llash maqsadida «Kommersant»dagi barcha siyosiy blok muxbirlari ishdan ketadi.

Safronov ketganidan bir kun o‘tib, 21 may kuni Moskva sudi «Roskomnadzor»ning «Kommersant»ga nisbatan da’vosini ro‘yxatga oladi. Unga ko‘ra qonun bilan maxfiyligi qayd etilgan ma’lumotni oshkor qilgani uchun tahririyatga 1 million rublgacha jarima xavf solardi. Gazeta «Roskomnadzor» aynan nima asosida e’tiroz kiritganii borasida so‘rovlarga javob bermaydi. 3 iyun kuni Forbes nashri «Kommersant» saytidan «Su-35 Misr kuchlarini mustahkamlaydi» sarlavhali maqola yo‘qolib qolganiga e’tibor qaratadi. Safronov Forbes'ga maqolasi o‘chirilishi haqida hech qanday ogohlantirish olmaganini ma’lum qiladi.

Forbes maqola yo‘qolib qolgani borasida xabar berganidan 4 kun o‘tib sud «Roskomnadzor»ning «Kommersant» ustidan qilgan shikoyatini yopib, uni ko‘rishni rad etadi. «Kommersant» xodimi Georgiy Ivanovning aytishicha, sud «Roskomnadzor»ning e’tirozida gap nimada ekani aniq ko‘rsatilmagan deb topadi.

Qizig‘i, Rossiyaning Misrga Su-35 qiruvchi samolyotlari yetkazib berish borasidagi surishtiruvi o‘chirilgan bo‘lsa-da, saytda xuddi shu ma’lumotlarni takrorlaydigan boshqa bir maqola turaveradi. Vaholanki FXX unda keltirilgan ma’lumotlarni maxfiy deb topgandi. «Misr Rossiyadan o‘nlab Su-35 qiruvchi samolyotlari sotib olmoqda» sarlavhasi bilan e’lon qilingan xabarda shunday deyiladi: «Rossiya Misr bilan ko‘p funksiyali Su-35 qiruvchi samolyotlari yetkazib berish borasida kelishuv imzoladi. «Kommersant»ning mudofaa sanoatidagi ikki top-menejyer lavozimida ishlaydigan manbasiga ko‘ra kelishuv 2 milliard dollarga baholanmoqda».

Aynan mana shu jumlalar sabab Misr tomoni Rossiyaga e’tiroz bildirib, jurnalist davlatga xiyonatda ayblanadi va uch yildan buyon qamoqda qolmoqda. Prokuror Safronovdan o‘z aybiga iqror bo‘lsa, u uchun 24 yil emas, 12 yil qamoq jazosi so‘rashini aytadi. Ivan Safronov esa bu taklifni rad etadi.

Top