16:37 / 09.09.2022
9116

O‘zbekiston prezidenti huzurida Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi

Prezident tegishli farmoni bilan Strategik rivojlanish agentligi negizida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi.

Foto: AP

Yangi agentlikdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar - islohotlar uzviyligini ta’minlash, yagona yondashuvlarni shakllantirish.

Agentlik asosiy vazifalari quyidagilar:

  • mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish takliflarini ishlab chiqish, ularni tashkil etish va nazorat qilish;
  • islohotlarni tanqidiy tahlil qilgan holda ular samaradorligini baholash, rasmiyatchilik, sansalorlik va korrupsiyaviy holatlarga sharoit yaratuvchi tizimli muammolarni aniqlash, bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • xalqaro moliya institutlari, chet el tashkilotlari va xorijiy mutaxassislarni hamda beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilish ishlarini tizimli tashkil etish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tuzish, boshqaruv organlari tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritishni monitoring qilish.

Shavkat Mirziyoyev shaxsan raisligida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi kengashi tuzildi. Kengashga bir qator vakolatlar berildi.

Agentlik bosh direktori va uning o‘rinbosarlari prezident tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Agentlikning maqsad va vazifalari - deyarli har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yagona g‘oya va strategiya ostida birlashtirish, ular oxirigacha yetkazilishini nazorat qilish, xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida jamiyat rivoji va xalq manfaati uchun zarur bo‘lgan islohotlarni ishlab chiqish, mavjudlarini ekspertizadan o‘tkazish.

Top