10:37 / 15.09.2022
7753

Pedagoglarga attestatsiya va malaka hujjatlarini topshirish tartibi aniqlashtirildi

Hukumat qaroriga asosan, pedagoglar attestatsiyadan o‘tish uchun har yili 1 yanvardan 1 martgacha va 1 avgustdan 1 oktyabrgacha bevosita DXM, YaIDXP yoxud Ta’lim inspeksiyasi saytida ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladi.

Foto: Shutterstock

“Davlat xizmatlari yangiliklari” kanalida yozilishicha, bunda ariza beruvchilar (jismoniy shaxslar) attestatsiyadan o‘tish bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldiradi va unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

pedagog ta’lim to‘g‘risidagi hujjati (xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni O‘zbekistonda tan olish haqidagi guvohnoma);

qayta tayyorlash kurslaridan o‘tgani haqidagi diplom nusxasi (agar mavjud bo‘lsa);

pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash natijalari yuzasidan ma’lumotnoma.

Zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng ariza beruvchi uni ERI bilan tasdiqlaydi. ERI kaliti bo‘lmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilish boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.

Pedagog kadrlarni navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi. Navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun BHM 1 baravari (300 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. My.gov.uz yoki Ta’lim inspeksiyasi sayti orqali murojaat qilinganda, 10 foiz chegirma beriladi.

Top