17:29 / 15.09.2022
6032

Shavkat Mirziyoyev Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 sentabr kuni Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti faxriy mehmoni sifatida Samarqandda bo‘lib turgan Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Turkmaniston prezidenti O‘zbekistonda unga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi. Turkmaniston milliy kengashi xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomini yetkazdi. Oliy martabali mehmon Samarqandda O‘zbekiston prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini qayd etdi.

Prezidentlar O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi an’anaviy yaqin do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani va aniq amaliy mazmun bilan boyiganini ta’kidladi. 

Tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani va yil boshidan 10 foizga ortgani ko‘rsatib o‘tildi. Logistika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlar hamkorligi va madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda.

Mavzu
Samarqandda ShHT sammiti
15–16 sentabr kunlari Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti tashkillashtiriladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top