08:48 / 19.09.2022
7064

Qirg‘iziston Tojikiston bilan to‘qnashuvda 59 kishi qurbon bo‘lganini ma’lum qildi

Tojikiston bilan chegarada 14 sentabrda boshlangan janglarda 59 kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi. 19 sentabr halok bo‘lganlar xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilindi.

Videodan kadr

Qirg‘izistonda Tojikiston bilan chegaradagi to‘qnashuvlar natijasida halok bo‘lganlar soni 59 kishiga yetdi, yana 140 kishi yaralandi, deb xabar qildi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 19 sentabrni qurolli mojaroda halok bo‘lganlar xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qildi. Uning farmoniga ko‘ra, shu kuni Qirg‘iziston bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab, shuningdek, xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalari binolarida tushirib qo‘yiladi. Madaniyat muassasalari hamda teleradiokompaniyalarga 19 sentabrda barcha ko‘ngilochar tadbirlar va dasturlarni bekor qilish tavsiya etildi.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentabr kuni Botken tumanidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olishdi, biroq kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 18 sentabrga o‘tar kechasi «sokin o‘tdi», deb xabar berdi Qirg‘iziston rasmiylari.

Qirg‘iziston hukumati Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani olib kelish va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda «barcha mavjud arsenaldan» foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken tumanida favqulodda holat rejimi joriy qilingani haqida ma’lumot berdi.

Ayni paytda, Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini «og‘ir qurollardan» o‘qqa tutishda aybladi.

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkalarda belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojaro kelib chiqyapti. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakatlar chegaralarning 972 kilometridan 600 kilometrga yaqinini bo‘lib kelishib olgan.

Mavzu
Botkendagi to‘qnashuvlar
14 sentabr kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida navbatdagi harbiy mojaro boshlandi.
Barchasi
Top