20:14 / 20.09.2022
35329

Saloh qirolicha xotirasiga hurmat bajo keltirdi va Misrda baloga qoldi

«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh Buyuk Britaniya qirolichasi vafoti tufayli ta’ziya izhor qildi. Ammo ba’zi misrliklar uning xatti-harakatlarini qoralashdi. Ular o‘tmishda Buyuk Britaniya harbiylarining Misrga qilgan hujumi tufayli qirolicha ta’ziyaga loyiq emas deb hisoblamoqda. 

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 20 sentabr kuni dafn etildi. «Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi va ijtimoiy tarmoqda ta’ziya so‘zlarini yozib qoldirdi. 

«Bugun Buyuk Britaniya va butun dunyo xalqlari Hazrati Oliyalari qirolicha Yelizaveta II xotirasiga hurmat bajo keltirmoqda. Merosi va sobit xizmatini qayd etgan holda, u bilan xayrlashmoqda. Ushbu tarixiy va hissiyotli kunda qirollik oilasiga hamdardlik bildiraman», deb yozgandi u ijtimoiy tarmoqda. 

Qirolicha Yelizaveta II 70 yillik hukmronlikdan so‘ng 8 sentabr kuni vafot etdi. Uning o‘limi va keyingi motam davri tufayli «Liverpul»ning «Vulverhempton» bilan «Chelsi»ga qarshi o‘yinlari boshqa sanaga qoldirildi. 

Muhammad Salohning ta’ziyasi vatani Misrda juda katta shov-shuvga, keng miqyosdagi muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

Sababi – Buyuk Britaniyaning XX asrda Misrga nisbatan olib borgan mustamlakachilik siyosati edi. Ko‘plab misrliklar ijtimoiy tarmoqlarda «Liverpul» hujumchisini tanqidlarga ko‘mib tashladilar. 

Soriddo7: «Quloq sol Mo, seni 2014 yildan beri qo‘llab-quvvatlab kelyapman va kelajakda ham qo‘llab-quvvatlayman. Sen mening va ko‘pchilik misrliklarning orzusi timsolisan. Balki senga shunday yozishni buyurishgandir, ammo uning 1956 yilda Uch davlat tajovuzini boshlash uchun buyruq berganini oqlab bo‘lmaydi. Kim senga buni yozishni maslahat qilgan bo‘lsa, u haqiqiy liverpullik emas. U qirolichaning Misr va «Liverpul»ga nisbatan qilgan noloyiq xatti-harakatlarini bilmaydi». 

Frankie Saly: «Bunday deb yozishdan oldin, uning arablarga nisbatan nima qilganini, uning tarixini o‘qi». 

Ahmed Orban: «Misrlikning qirolicha haqidagi jirkanch posti. Mo, u tom ma’noda bizni va butun dunyoni azoblagan». 

IAys11: «Sen arablar vakilisan, shuni unutma. Sen juda katta ta’sirga egasan. «Muhim ishlar qilyapman» deb bunday narsalarni yozishingni oqlab bo‘lmaydi». 

Ray0ni: «Azbaroyi Xudo, bu falokat, bunday yozuvni oqlab bo‘lmaydi. Britaniya vatanimizda nima qilganini hamma biladi». 

Mr Mohamed Atef: «Afsuski, u faqat shon-shuhratni o‘ylaydi». 

M0tb7: «Bunday yozishing shart emasdi, bu bilan ularning hurmatini qozona olmaysan. Misr va musulmonlarning dushmanlari hurmatga va hamdardlikka loyiq emas. Sen arab jamiyatining Yevropadagi vakilisan. Bunga boshqacha qarashing kerak edi. Nimalar qilyapsan o‘zi?» 

Arab Guy: «Britaniya armiyasi hali ham Ahmad Urobiyga qarshi g‘alabani nishonlayapti. Bu qoloq odam esa u bilan xayrlashmoqda». 

Ben Hamoda: «Tarix kitobini sotib olish qimmatga tushmaydi». 

Abdul: «U qalbini sotishni yoqtiradi». 

Misrliklar nimani nazarda tutishyapti, qirolicha Yelizaveta II haqiqatdan ham bu davlatga nisbatan noto‘g‘ri siyosat yuritganmi, Muhammad Saloh adashdimi? 

Suvaysh kanali yoki «Uch davlat tajovuzi» 

Misr hududidan o‘tuvchi va O‘rta Yer dengizi bilan Qizil dengizni bog‘lovchi 160 km uzunlikka ega Suvaysh kanali Fransiya-Misr loyihasi asosida qurilib, 1869 yilda ochilgan edi. Keyinchalik, Misr davlat qarzlari bilan bog‘liq muammoga duch keldi va kanal aksiyalarining 44 foizini Buyuk Britaniyaga sotishga majbur bo‘ldi. 

Suvaysh kanali Yevropadan Uzoq Sharqqacha bo‘lgan transport yo‘lini 8 ming kilometrga qisqartirdi. U Britaniya uchun ham katta strategik ahamiyatga ega edi. Chunki imperiyaning chekka hududlari o‘rtasidagi transport qatnovini sezilarli darajada osonlashtirdi. XX asrga kelib, kanal qo‘shimcha ahamiyat kasb eta boshladi – Yevropadan Fors ko‘rfazining neft konlari sari yo‘lni bir necha barobar qisqartirdi. 

Kanalning Misr tomonidan milliylashtirilishi 

1956 yil 26 iyul kuni Jamol Abdunnosir hukumati Suvaysh kanali milliylashtirilishini e’lon qildi. Buyuk Britaniya va Fransiya qo‘lida bo‘lgan kanal aksiyalari qiymati bozor narxida qoplab beriladigan, kanaldan olinadigan daromad Misr budjetida qoladigan, ular kelajakda Asvan to‘g‘onini qurishga sarflanadigan bo‘ldi. 

Ammo kanalning milliylashtirilishi Buyuk Britaniya va Fransiya uchun kutilmagan voqea edi. Undan yuklarni, birinchi navbatda, neftni tashishda faol foydalangan G‘arb davlatlari, shuningdek, AQSh manfaatlariga zarar yetar edi. Kanal milliylashtirilgandan keyingi kun, 1956 yil 27 iyulda Buyuk Britaniya va Fransiya hukumatlari Isroil bilan hamkorlikda Misrga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazish to‘g‘risida maxfiy qaror qabul qilishdi. 

Harbiy harakatlar 

1956 yil 29 oktyabrda Misrga nisbatan «Uch davlat tajovuzi» deb nomlangan harbiy harakatlar boshlandi. Isroil qo‘shinlari Misr armiyasining Sino yarimorolidagi pozitsiyalariga hujum qilishdi. 

31 oktyabr kuni Britaniya va Fransiya qurolli kuchlari Misr aerodromlarini bombardimon qilib, havo kuchlarining harakatlarini falaj qildi. Dengizdan qilingan hujumlar oqibatida Misr harbiy kemalari cho‘ktirildi. To‘rt kunlik hujum davomida Misr armiyasi 400 dan ortiq zirhli texnikasidan ayrildi. 2 mingga yaqin harbiy, 3 mingdan ortiq tinch aholi qurbon bo‘ldi. 

Inqirozning oxiri 

1956 yil 2 noyabrda BMT Bosh Assambleyasining favqulodda sessiyasi harbiy harakatlarni to‘xtatish, barcha uch davlat qo‘shinlarini Misr hududidan olib chiqib ketish va Suvaysh kanalini ochishni talab qildi. 

6 noyabrda sulh bitimi kuchga kirdi va 15 noyabrda kanal hududiga BMT harbiy kuchlari joylashtirildi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining birinchi tinchlikparvar operatsiyasi edi. 

Buyuk Britaniya va Fransiya xalqaro izolyatsiya va global urush tahdidi ostida 1956 yil dekabrda Misrdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga majbur bo‘ldi. Isroil harbiylari 1957 yil mart oyida Misrni tark etdi. 

Suvaysh inqirozi natijasida Buyuk Britaniya o‘zining super davlat maqomini yo‘qotdi. Rivojlanayotgan mamlakatlarning Misrga hamdardligi esa Britaniya va boshqa davlatlar istilosidan xalos bo‘lish jarayonlarini tezlashtirdi.

Mavzuga oid
Top