07:36 / 27.09.2022
9557

FXX yapon diplomati josuslikda ayblanib qo‘lga olinganini e’lon qildi

FXX ma’lumotlariga ko‘ra, Vladivostokda maxsus xizmat yapon diplomati ishtirokidagi «josuslik harakati»ni to‘xtatgan.

Motoka Tatsunori / Foto: kp.ru

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Yaponiyaning Vladivostokdagi bosh konsulligi xodimi Motoka Tatsunori «tarqatilishi cheklangan ma’lumotni olganida» ushlanganini ma’lum qildi. Bu haqda 26 sentabr, dushanba kuni TASS agentligi xabar berdi.

Maxsus xizmatga ko‘ra, diplomat «pul mukofoti evaziga Rossiyaning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlaridan biri bilan hamkorligining dolzarb jihatlari, G‘arb sanksiyalarining Primorsk o‘lkasidagi iqtisodiy vaziyatga ta’siri to‘g‘risida tarqatilishi cheklangan ma’lumot olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan» ushlangan. 

Tatsunori «diplomatlik maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyati tufayli» persona non grata deb e’lon qilindi, diplomatik kanallar orqali Yaponiya tomoniga norozilik bildirilgan, deya qo‘shimcha qildi FXX.

Maxsus xizmat Tatsunori so‘roq qilingan videoni ham e’lon qildi, unda u Rossiya qonunchiligini buzganini va maxfiy ma’lumotlarni pul evaziga olishga urinayotganini «tushunganini» aytadi.

Ochiq manbalarga ko‘ra, Tatsunori siyosiy masalalar bo‘yicha konsul bo‘lib ishlagan.

Mavzuga oid
Top