20:00 / 03.10.2022
21731

Jizzaxda haydovchi traktorga 14 ta paxta ortilgan tirkama taqib harakatlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida traktor 14 ta paxta ortilgan tirkama bilan harakatlangani tasvirlangan video tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati traktorni boshqargan shaxsga chora ko‘rilganini ma’lum qildi.

Jizzax viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida qoidabuzar traktorchi Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan 4R38 Jizzax-Uchtepa-Navbahor avtomobil yo‘lida harakatlangani aniqlangan.

Jizzax viloyati Paxtakor tumani Suvonobod mahallasida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan haydovchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, “Belarus-80X” rusumli, 25G‘A314 davlat belgili traktorga 14 ta tirkama taqib harakatlangan.

Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan haydovchiga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Har yili paxta terish mavsumida traktorchilar tomonidan yo‘l-harakati qoidalarini buzib harakatlanish holatlari, tirkamalarga nur qaytaruvchi chiroq yoki lenta tortmasdan harakatlanish holatlari ko‘payadi. Oqibatda, yengil mashinalarning traktorlarga taqilgan tirkamalarga borib urish holatlari sodir bo‘ladi.

Jumladan, 2022 yil 1 sentabr kuni tunda Andijon viloyatiga tegishli Cobalt o‘zidan oldinda ketayotgan traktorning tirkamasiga borib urilgan. Oqibatda ikki nafar yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Haydovchi va yana ikki nafar yo‘lovchi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Namangan viloyati IIB YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda Namangan viloyati miqyosida YHXB mas’ullari tomonidan traktor haydovchilari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, tungi vaqtda yoritish chiroqlari va nur qaytargichlar soz holda harakatlanish bo‘yicha qat’iy nazorat qilinmoqda.

Mavzuga oid
Top