11:12 / 04.10.2022
13479

Chirchiqdagi portlashda zavodning ikki xodimi jarohatlangan, yong‘in o‘chirildi

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati hokimligi Chirchiqdagi «Maxam Chirchiq» korxonasida yuz bergan yong‘in to‘liq bartaraf etilganini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, holat tufayli korxonaning ikki nafar xodimi jarohatlangan. Ular ayni paytda Chirchiq shahridagi shifoxonada muolaja olmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham ikki nafar xodim yengil tan jarohati olganini, ular Chirchiq shahridagi shifoxonada muolaja olayotganini tasdiqladi. Halok bo‘lganlar yo‘q.

«Hodisaning sabab va oqibatlarini atroflicha baholash mutaxassislar tomonidan alohida tekshiruvni talab qilishi tufayli, keyinroq batafsil axborot beriladi», deyiladi hokimlik xabarida.

Chirchiq shahridagi «Maxam Chirchiq» zavodida seshanba kuni taxminan soat 8:30 larda portlash sodir bo‘ldi. «O‘zkimyosanoat»ning aniqlik kiritishicha, «qisqa portlash» Ammiak-1 ishlab chiqarish sexining sintez bo‘linmasida yuzaga kelgan. Natijada sexning sintez kolonnasida yong‘in kelib chiqqan.

Voqea joyiga bosh vazir o‘rinbosari — energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi komissiya a’zolari zudlik bilan yetib bordi.

«O‘zkimyosanoat» portlash oqibatida korxonaning boshqa ishlab chiqarish maydonlari hamda aholi yashash punktlariga zarar yetmagani, atrof-muhitga zararli gazlar tarqalmaganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid
Top