13:54 / 06.10.2022
9309

Komil Allamjonov AQSh davlat kotibi yordamchisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov AQSh davlat kotibining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elizabet Kennedi Tryudo bilan uchrashdi.

Foto: t.me/allamjonov_ki

Uchrashuvda davlat organlari ochiqligini ta’minlash, jamoatchilik bilan muloqot, feyk va yolg‘on axborotlarga qarshi kurashish, mass-media sohasini rivojlantirish, aholi mediasavodxonligini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi va o‘zaro fikr almashildi

“Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda, har ikki tomon uchun samarali o‘tdi. Tryudo xonimning mamlakatimizga tashrif buyurganidan xursand bo‘ldim. U bilan suhbatlashish, yurtimizdagi o‘zgarishlar haqidagi taassurotlarini eshitish yoqimli bo‘ldi”, deydi O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga tashrifi doirasida Elizabet Tryudo Toshkentdagi Vebster universitetida “Ommaviy axborot vositalari mutaxassislari uchun ingliz tili” dasturining bitiruvchilari bilan suhbatlashadi.

Bundan tashqari, u mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, AQSh hukumati tomonidan moliyalashtirilgan almashinuv dasturlari bitiruvchilari bilan uchrashishni va Jizzaxdagi ayollar shelteriga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Top