11:25 / 06.10.2022
5219

To‘qimachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarida chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni hamda ular eksportini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezident farmoniga muvofiq, Eksportni rag‘batlantirish agentligi tarkibida To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgan. 

2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvargacha belgilangan tartibga muvofiq, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda bo‘yalgan mato, aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirgan tashkilotlarga uskunalar qiymatining 10 foizi, biroq 500 ming dollar ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jamg‘arma hisobidan subsidiya ajratiladi.

Subsidiya olish uchun quyidagilar zarur: yuqorida ko‘rsatilgan loyihalar doirasida yangi uskunalar xarid qilish; uskunalar qiymatiga yetkazib berish hamda boshqa qo‘shimcha xizmatlar xarajatlarini kiritmaslik; loyihani foydalanishga topshirish dalolatnomasi mavjud bo‘lishi.
 
TIF Milliy banki tomonidan xorijiy valutada kreditlar ajratiladi:

bo‘yalgan mato, aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini, tarkibida sun’iy tola 80 foizdan yuqori bo‘lgan ip-kalava ishlab chiqarish uskunalarini xarid qiluvchi korxonalarga - boshlang‘ich 15 foiz to‘lovni to‘lash uchun yetti yil muddatgacha, uch yillik imtiyozli davr bilan, depozit stavkasiga bankning 1 foizlik marjasini hisobga olgan holda;

bo‘yalgan mato va gazlama, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarga - eksportoldi moliyalashtirish (3 mln dollargacha), shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun, bir yil muddatgacha, to‘qqiz oygacha imtiyozli davr bilan, depozit stavkasiga bankning 1 foizlik marjasini hisobga olgan holda.

Bo‘yalgan mato, bo‘yalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini, shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida ushbu mahsulotlar kamida 80 foizini eksport qilgan korxonalarga: ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘lash; mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda uch yil muddatgacha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lovini kechiktirish huquqi beriladi. Bunda, ushbu soliqni kechiktirish muddati tugaganidan so‘ng soliq qarzi va hisoblangan foizlar kechiktirish muddatiga teng muddat mobaynida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.

Prezident farmoniga muvofiq, O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni (bo‘yalgan trikotaj matodan tashqari) olib chiqishda har bir kg uchun yig‘im undiriladi: 2021 yil 1 yanvardan – 0,01 dollar; 2022 yil 1 yanvardan – 0,05 dollar; 2023 yil 1 yanvardan – 0,1 dollar; 2025 yil 1 yanvardan – 0,2 dollar.

To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilovchi nizom tasdiqlandi. Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi: Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar; O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda qonun hujjatlari bilan belgilangan miqdorda undiriladigan yig‘imlar; jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy tashkilotlarning grantlari; qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama ishlab chiqarish loyihalari doirasida xarid qilingan uskunalar qiymati bir qismini subsidiyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unda yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalari amalga oshirilishini yanada rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

Tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qiluvchi tashkilotlarni subsidiyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Hujjat bilan eksport qilinadigan tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari hajmini oshirish, eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

Top