22:36 / 10.10.2022
10158

Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi mumkin 

Shotlandiya bosh vaziri va Milliy partiya rahbari Nikola Styorjyen 2023 yil 19 oktyabrda mamlakat mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazish rejasi borligini tasdiqladi. 

Foto: AFP

Bu haqda u partiya qurultoyida aytib o‘tdi. 

«Agar [Buyuk Britaniya] Oliy sudi shunday qaror qabul qilsa va biz shunday bo‘lishidan umidvormiz, kelasi yil 19 oktyabrda mustaqillik referendumi bo‘lib o‘tadi», dedi Styorjyen. 

Oliy sud bu masalani shu haftada ko‘rib chiqishi lozim. 

Styorjyen so‘zlariga ko‘ra, Shotlandiya aholisining 50 foizdan ortig‘i Buyuk Britaniyadan ajralib chiqishni qo‘llab-quvvatlaydi, yoshlar orasida esa bu raqam yanada yuqori. 

Avvalroq, Styorjyen Buyuk Britaniyada Elizabet Trass hokimiyatga kelganidan keyin mustaqillik tarafdorlari ko‘payganini aytgan edi. U yangi bosh vazirning iqtisodiy siyosati Shotlandiya iqtisodiyotining tanazzulga yuz tutishiga olib kelishi mumkinligini qayd qildi. 

Styorjyenning ta’kidlashicha, mustaqillik Shotlandiya iqtisodiyoti uchun «mo‘jizaviy malham» emas, lekin u orqali «mamlakat juda ko‘p narsaga erishishi mumkin». Partiya qurultoyini yakunlar ekan, bosh vazir kelasi haftada mustaqillikning iqtisodiy asoslarini e’lon qilishga va’da berdi. 

Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha birinchi referendum 2014 yilda o‘tkazildi. Unda mintaqada yashovchi Britaniya va Yevropa Ittifoqi fuqarolaridan «Mamlakat mustaqil bo‘lishi kerakmi?» degan savolga javob berish so‘ralgan edi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, ovoz berganlarning 55,3 foizi ajralib chiqishga qarshi bo‘ldi, 44,7 foizi esa mustaqillikni yoqladi.

Top