21:35 / 11.10.2022
42046

Ukrainaga qatorasiga ikkinchi kun raketa zarbalari berildi

Rossiya seshanba kuni ham Ukrainaning turli hududlariga qanotli raketalar va dronlar bilan zarba yo‘llashda davom etdi, ammo ikkinchi kungi hujumlar bir kun oldingi kabi intensiv bo‘lmadi. Ekspertlar Rossiyaning yuqori aniqlikdagi qurollari zaxiralari tugayotganini aytishmoqda.

Foto: STATE EMERGENCY SERVICE OF UKRAINE

Seshanba kuni Kiyev, Zaporijjya, Vinnitsa, Lviv, Ivano-Frankivsk, Dnepropetrovsk, Xmelnitskiy, Mikolayiv, Rivne va Odessa oblastlaridan zarbalar haqida xabarlar kelgan. Butun mamlakat bo‘ylab havo trevogalari yangragan.

Rossiya nashrlari ham harbiy senzura qoidalariga rioya etilgan holda Ukraina shaharlaridagi havo trevogalari haqida xabarlar berishgan. Ular avval bunday xabarlarni e’tiborsiz qoldirar, ammo bu safar qatorasiga ikkinchi kun xabar berishmoqda.

Rossiya mudofaa vazirligi ham nafaqat harbiy obektlar, balki Ukraina energetika obektlariga «yoppasiga zarbalar» berilayotganini yashirmayapti. Shu bilan birga, vazirlik press-relizida bir kun oldingi gaplar takrorlangan: «Maqsadga erishildi. Barcha belgilangan obektlarga zarba berildi».

Ammo, Ukraina rasmiylari xabarlariga ko‘ra, ikkinchi kunda Ukraina energetika infratuzilmalari bo‘ylab raketa zarbalari intensivligi birinchi kundagi bilan taqqoslaganda ancha susaygan. Birinchi kungi zarbalar oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi jabrlangan.

Bu safar qayerlarga zarbalar berildi?

Tunda Zaporijjya hujumga uchragan. Bu bir hafta ichida shaharga to‘rtinchi bor zarba berilishi bo‘ldi. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Staruxning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar nishoni infratuzilma obektlari bo‘lgan. U aynan qanday obektlarga zarba kelganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga fuqarolik qurilmalari ham shikastlangan. Vayron bo‘lgan avtosalonda bir kishi jasadi topilgan. Shuningdek maktab va poliklinika binolari shikastlangan. Starux Zaporijjyaga hujumda S-300 zenit-raketa majmuasining 12 ta raketasi uchirilganini ma’lum qilgan.

10 oktyabr kuni Rossiya zarbalarining asosiy maqsadi energetika infratuzilmalari bo‘lgandi. Ukraina bo‘ylab 1,3 mingdan ortiq aholi yashash manzillari elektrsiz qolgandi, ularning bir qismida ichimlik suvi va aloqa ham uzilgan. Tongga kelib chiroqsiz qolayotgan aholi yashash manzillari soni 300 ta atrofida edi.

Tongda Rossiya qurolli kuchlari yana energetika obektlariga zarbalar yo‘lladi - kamikadze dronlar Vinnitskaya oblastidagi Ladijinskaya IESga hujum qilgan. Vinnitskaya oblastiga doim ham zarba berilavermaydi va 10 oktyabr kuni ham Ukrainaning o‘qqa tutilgan hududlari qatorida yo‘q edi. Ammo iyul oyida Vinnitsa shahri markazidagi Ofitserlar uyiga berilgan zarba oqibatida 27 kishi halok bo‘lgandi. Bu safar qurbonlarsiz o‘tdi - elektr stansiyasi shikastlangan, takroriy zarba oqibatida olti kishi yaralangan.

Kiyevda kunning birinchi yarmida havo trevogasi besh soat davomida saqlanib qoldi. Shahar atrofida rossiyaliklarning bir necha raketasi urib tushirilgan. «Ukraina poytaxtida hech qanday portlashlar bo‘lmadi. Shuning uchun aytishim mumkinki, bugungi kun hech qanday hodisalarsiz, normal boshlandi», degan shahar meri Vitaliya Klichko.

Bir kun oldin Kiyev markaziga raketalar kelib tushgan, infratuzilma obektlaridan tashqari o‘nlab uylar shikastlangan, avtomobillar yonib ketgan, kamida besh kishi halok bo‘lgandi. Ukraina davlat favqulodda vaziyatlar xizmatiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab jami qurbonlar soni 20 nafarni tashkil etdi.

Qatorasiga ikkinchi kun Lviv oblastida portlashlar kuzatildi. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy ikkita energetika obektidagi uch portlash to‘g‘risida xabar bergan. «Ayni vaqtda to‘rtta elektr podstansiyasiga zarba kelib tushgan, shundan ikkitasiga takroriy zarbalar berilgan. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, ulardan hech narsa qolmadi», degan u jurnalistlarga.

Raketa zarbalari oqibatida Lvivning 30 foiz hududi elektr ta’minotisiz qolgan. Shahar meri Ondriy Sadoviy shaharning ikki rayonida ichimlik suvi ta’minotida ham uzilishlar bo‘layotganini aytgan.

Dnepropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Valentina Reznichenko besh soatlik havo trevogasidan keyin ikkita rayondagi energetika infratuzilmalariga raketalar kelib tushganini xabar qildi. «Jiddiy vayrongarchiliklar bor. Ko‘plab aholi yashash manzillari svetsiz qolgan», deya yozgan u telegram-kanalida. Oblastda shifoxonalar va transport faoliyatini ta’minlash uchun «elektr energiyasini total tejash» rejimi kiritilgan.

Xmelnitskiy oblasti harbiy ma’muriyati vakili Sergey Gamaliy seshanba kuni havo hujumidan mudofaa tizimlari Eronning Shahed-136 kamikadze dronlarini urib tushirgani haqida ma’lum qildi.

Raketalar tugayaptimi?

Kiyev vaqti bilan seshanba kuni soat 15:00 da Rossiya 28 ta qanotli raketa uchirgan. Bu haqda xabar bergan Ukraina armiyasi havo kuchlari vakili Yuriy Ignat bu yakuniy raqamlar emasligini aytgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Zalujniy 10 oktyabr kungi hujumlarda 84 raketa va 24 ta kamikadze dronlari qo‘llanganini ma’lum qilgandi. Raketalar soni kamaygani va dronlardan foydalanish davom etayotgani G‘arb ekspertlarining Rossiyada yuqori aniqlikdagi qurollar zaxiralari tugayotgani haqidagi farazlariga mos keladi.

Ignatning aytishicha, seshanba kuni Rossiya armiyasi yana yuqori aniqlikda harakatlanuvchi qurollardan foydalandi: Tu-95MS strategik aviatsiya samolyotlaridan uchiriluvchi X-101/X-555 qanotli raketalari, harbiy kemadan uchiriluvchi «Kalibr» qanotli raketalari, Eron yetkazib bergan Shahed-136 kamikadze dronlari. U mamlakatning turli hududlarida 28 raketadan 20 tasi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali tutib qolinganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylari 13 ta dronning barchasini urib tushirgan.

Elektron razvedka bilan shug‘ullanuvchi Britaniya razvedka agentligi GCHQ rahbari Jyeremi Flemingning ma’ruzasida aytilishicha, Ukraina urushning borishini o‘zgartirdi va holdan toygan rossiyalik harbiylarga qarshi turmoqda.

Agentlikdagilarning hisoblashicha, Ukraina hududi yoppasiga raketa zarbalariga uchrayotgan bo‘lsa-da, Rossiya harbiylarida o‘q-dorilar zaxirasi tugamoqda, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «yoppasiga o‘qqa tutish» qarori esa xatolik bo‘ldi.

«Biz bilamiz va joylardagi rossiyalik komandirlar ham bilishadi - ularda zaxira va o‘q-dorilar tugamoqda. Vladimir Putinning ichki qarshilik yo‘q holatdagi qarorlari xato bo‘lib chiqdi. Bu strategik xatolarga olib keladigan qaror edi», dedi GCHQ rahbari.

Ukrainaning Forbes nashri dushanba kungi hujumlar Rossiya budjetiga kamida 400 mln dollarga tushganini ma’lum qilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Rossiyaning raketa zarbalarini qaytarish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlariga o‘ta muhtoj ekanini aytib kelmoqda. Dushanba kuni kechqurun AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Rossiya tajovuziga qarshi turish uchun barcha zarur vositalar, jumladan zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilishini va’da qildi.

Seshanba kuni Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov AQShning bunday yordam ko‘rsatishi mojaroni Kiyev uchun yanada cho‘zishi va og‘riqliroq qilishini aytib o‘tdi.

Putin Qrim ko‘prigidagi portlashdan ikki kun o‘tib (bu portlash sababi hozirgacha uzil-kesil aniq bo‘lmadi) «Ukrainaning harbiy boshqaruv, energetika va aloqa obektlari bo‘ylab yoppasiga zarbalar» yo‘llangani haqida e’lon qildi. Rossiya hukumati ko‘prikda yuk mashinasi portlatilganini ma’lum qilgan va bunda Ukraina maxsus xizmatlarini ayblagan.

O‘z navbatida Oq uy vakili Jon Kirbi shu kunlarda Rossiya Ukraina bo‘ylab yoppasiga zarba berishni Qrim ko‘prigidagi portlashdan avvalroq rejalashtirganini istisno etmagandi.

Rossiya podstansiyasidagi yong‘in

Seshanba kuni kechqurun Belgorod oblastining Shebekino shahridagi elektr podstansiyasida yirik yong‘in yuzaga kelgani aks etgan videolar tarqaldi.

Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov bu obekt Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilganini tasdiqladi va yong‘in suratlarini namoyish etdi.

«Ukraina qurolli kuchlari Shebekinodagi podstansiyani o‘qqa tutdi. Snaryadlar podstansiya transformatorini shikastlagan. Hozir ikki mingdan ortiq kishi elektr energiyasidan uzilgan. Qurbonlar va yaradorlar yo‘q», deya yozgan gubernator o‘z telegram-kanalida.

Shebekino shahri Ukrainaning Xarkiv oblasti bilan chegaradan 5 kilometr masofada joylashgan.

Keyinroq Gladkov «Ukraina qurolli kuchlari Belgorod rayonini o‘qqa tutayotgani» haqida yozdi. «Snaryadlar ishlamay turgan qishloq xo‘jaligi korxonasi sisternalariga kelib tushdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q», degan u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top