11:57 / 11.10.2022
8432

Ukrainaning mingdan ortiq aholi yashash manzillari «svet»siz qoldi

Roman Baluk / Reuters / Scanpix / LETA

10 oktyabr kuni soat 21:00 holatiga Ukrainaning kamida 1307 ta aholi yashash manzillari ertalabki raketa zarbalari tufayli elektrsiz qoldi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi.

Elektr ta’minoti quyidagi regionlarda uzilgan: Sumi oblastida (766 ta aholi yashash manzili), Lviv (353), Ternopil (169), Kiyev (13) va Xmelnitskiy (6).

Lvivda ichimlik suvi ta’minoti bilan ham muammolar yuzaga kelgan. Lviv meri Andrey Sadovoy soat 19:20 holatiga shaharda elektr energiyasi ta’minoti 35 foizga tiklangani, shaharning yarmida suv yo‘qligini aytgan.

Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 oktyabr kungi zarbalar oqibatida 14 kishi halok bo‘lib, 97 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya harbiylari bir kunda Ukraina shaharlari bo‘ylab 84 ta raketa uchirganini xabar qildi, shundan 43 ta raketa havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan tutib qolingan. Bundan tashqari, shu kuni Ukrainaga 24 ta uchuvchisiz uchish apparatlari hujum qilgan, 13 tasi urib tushirilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi mudofaa, energetika va aloqa obektlariga hujum qilinganini ma’lum qilgandi, biroq fuqarolik obektlari ham o‘qqa tutilgan. Reuters agentligi qayd etishicha, bu urush boshlanganidan buyon Rossiyaning eng yirik havo hujumi bo‘lgan.

Energetika infratuzilmasi o‘qqa tutilgani va zararlangani tufayli, Ukraina o‘z energiya tizimini barqarorlashtirish uchun 11 oktyabrdan Yevroittifoqqa elektr energiyasi eksportini to‘xtatib turishga qaror qildi.

  • Rossiya prezidenti Vladimir Putin 10 oktyabr kuni ertalab Ukraina shaharlarining o‘qqa tutilishi Kerch bo‘g‘ozidagi Qrim ko‘prigida sodir bo‘lgan portlashga javob bo‘lganini ma’lum qilgan. 
  • Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak raketa zarbalari Qrim ko‘prigidagi portlashga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi. «Rossiya armiyasining Ukraina shaharlariga yo‘naltirilgan bugungi raketa zarbalari bir necha hafta oldin rejalashtirilgan va Qrim ko‘prigidagi portlash bilan bog‘liq emas», degan u.
  • Ukraina razvedkasi esa Rossiya yoppasiga raketa zarbalari berishga 2-3 oktyabr kunlariyoq tayyorlangani to‘g‘risida xabar bergan.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top