23:07 / 12.10.2022
21786

Baliqchilar Uels tarixidagi eng katta baliqni tutishdi

Buyuk Britaniya qirg‘oqlari yaqinida baliqchilar uzunligi 2,82 metr va og‘irligi 408 kilogramm bo‘lgan ulkan tunets balig‘ini tutishdi.

Foto: AP

Bu Uels tarixidagi eng katta baliq, deb xabar berdi BBC.

Saymon Beyti va uning do‘sti Jyeyson Nott baliq ovidan qaytayotganlarida qirg‘oqdan 50 kilometr uzoqlikda moviy tunetsni tutishdi. Dastlab, baliq Beytining qarmog‘iga ilindi. U bir soat davomida uni suvdan chiqarishga urindi. So‘ngra qarmoqni Nottga berdi va u ishni oxiriga yetkazdi. Baliqchilar tunetsni o‘lchab, keyin suvga qo‘yib yuborishdi.

«Bu Uels suvlarida tutilgan eng katta baliqdir. Avvalgi eng katta baliqning vazni 272 kilogramm edi», dedi mahalliy baliqchilik tashkiloti rahbari Julian Lyuis Jons. Uning ta’kidlashicha, bunday o‘lchamdagi baliqni ovlash jasoratdir, chunki uning uzunligi katta akulanikidek.

Atlantika tunetsi 1960-yillarda Buyuk Britaniya qirg‘oqlaridan deyarli yo‘q bo‘lib ketdi. Haddan tashqari ko‘p baliq ovlash va iqlim o‘zgarishi bunga sabab sifatida ko‘rsatildi.

Mavzuga oid
Top