17:52 / 12.10.2022
43450

«Bu hamon oson». Rossiya armiyasidagi o‘g‘riliklar haqida

Ukraina bilan urushga safarbar qilinganlar deyarli hamma narsani o‘z hisobidan sotib olishga majbur bo‘lmoqda – ich kiyimlar va poyabzaldan tortib, zirhli jilet va teplovizorlargacha.

Foto: SERGEI BOBYLEV / TASS

«Shaxsiy tarkibni qabul qilish punktlarida saqlangan bir yarim million to‘plam qayerga ketganini tushunmayapman», dedi zaxiradagi general-leytenant va Davlat Dumasi deputati Andrey Gurulev.

Uning savoliga javobni qisman sud qarorlarida topish mumkin: Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirish rejasini tuzayotgan bir paytda rus harbiylari yillar davomida o‘z omborlarini talon-toroj qilishgan, ba’zan mol-mulklar yuk mashinalarida olib chiqilgan.

Iyul oyi o‘rtalarida rus qo‘shinlari Lugansk viloyatidagi Uglegorsk issiqlik elektr stansiyasiga hujum qilayotganda, Yevrosiyoning uzoq burchagi bo‘lmish Kuril tizmasining Iturup orolida harbiy sud mahkamasi o‘tkazildi. Unda harbiy qismning ta’minot xizmati boshlig‘i Dmitriy Gorin xizmat soxtakorligi uchun sudlandi.

2021 yilning kuzida Gorin soxta hisob-fakturalar orqali ikki harbiy xizmatchi nomiga ba’zi narsalarni rasmiylashtirgan. Masalan, ulardan biri 100 dona sumka, uchta to‘rva, to‘rtta yozgi qalpoq, shamol va namlikdan himoya qiluvchi ikkita kostyum to‘plamini «olgan». Yana biri – 35 ta futbolka, 50 ta ro‘molcha, 50 juft qishki va yozgi paypoq, bir juft yozgi etik bilan ta’minlangan. Ishonchli tuyulishi uchun Gorin hisob-fakturalarni iste’foga chiqqan harbiy xizmatchilar nomiga rasmiylashtirgan, ammo soxtakorlik baribir oshkor bo‘lgan.

Sudda ta’minot xizmati rahbari ombordagi mol-mulk noto‘g‘ri saqlash sharoiti tufayli yaroqsiz holga kelganini, buni rasmiylashtirishdan qo‘rqqanini aytdi. Chunki uning fikriga ko‘ra, sharoit nega yomon ekani haqida tekshirish boshlanib ketishi mumkin edi. Shu tufayli u soxta hisob-fakturalarni yozishga qaror qilgan. Sud hukmi yumshoq bo‘ldi – 25 ming rubl miqdorida jarima.

Muromdagi (Vladimir viloyati) muhandislik qismi ta’minot xizmatining sobiq boshlig‘i, katta leytenant Ilgiz Axmetovning esa omadi kelmadi. 2021 yil oxirida u 2 yil muddatga ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilindi. U harbiy mulklarni yuk mashinasida o‘g‘irlagan.

2018 yil bahorida Axmetov «Ural» yuk mashinasida omborga borib, 209 juft yozgi etikni yuklagan. Poyabzalni Nijniy Novgoroddagi do‘stiga yuborgan – go‘yo qarzini uzish uchun. Axmetov bu bilan to‘xtamagan va keyingi safar yana 100 juft etikni o‘g‘irlagan. Kamomadni yashirish uchun 200 juft etikni askarlar kiyib to‘zg‘itgani to‘g‘risida soxta dalolatnoma tuzgan.

Bu ikki hukm rossiyalik harbiy xizmatchilar yillar davomida armiyadan kiyim-kechak, poyabzal va boshqa narsalarni o‘g‘irlaganliklarining eng so‘nggi misolidir. Oxirgi 8 yil ichida (Rossiya propagandasi bu raqamni «Sakkiz yil qayerda edingiz?» jumlasida ishlatishga o‘rgangan) sudlar harbiy omborlarning talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq 558 ta hukm chiqargan, bu haqdagi ma’lumotlar «Pravosudiye» davlat axborot tizimida bor.

Agar Rossiya Ukraina bilan urush boshlamaganida, so‘ngra safarbarlik e’lon qilmaganida, bu muammo jamoat e’tiboridan chetda qolar edi. Aynan safarbarlik rus armiyasi hatto o‘z askarlarini kiyintira olmasligini ko‘rsatdi. Safarbar qilinganlarning qarindoshlari ularga etik, yoping‘ich, paypoq, ryukzak, kiyim-kechak, shuningdek, o‘q o‘tkazmaydigan jilet, birinchi tibbiy yordam to‘plami, tungi ko‘rish moslamasini sotib olmoqda.

«Shaxsiy tarkibni qabul qilish punktlarida saqlanayotgan bir yarim million komplekt qayerga ketganini hamon  tushunmayapman. Nega harbiy forma va boshqa narsalar bilan bog‘liq muammolar bor? Buni hech kim tushuntirishga harakat qilmayapti!» deb yozdi zaxiradagi general-leytenant, urush tarafdori va Davlat Dumasi deputati Andrey Gurulev. So‘ngra u hamkasbi Vasiliy Piskarev bilan birgalikda Bosh prokuror Igor Krasnovga maktub yubordi: budjetdan yillar davomida pul ajratilgan bo‘lsa-da, armiyada hech narsa yo‘q, nega bunday bo‘ldi, degan savolni qo‘ydi.

Ammo nega bunday bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarni «Pravosudiye» davlat axborot tizimidan olish mumkin.

Urush arafasida qanday o‘g‘irliklar qilindi?

Mulkni o‘g‘irlashning ko‘plab usullari bor, deydi harbiy jurnalist va Rossiya Qurolli kuchlarining sobiq ofitseri (u ismi sir qolishini so‘radi). Misol uchun, vedomostlarni soxtalashtirish yoki yaroqli narsalarni «mog‘orlab ketgani bois» hisobdan chiqarish mumkin.

«Yana bir ommabop yo‘l – yangi xodimning bo‘yniga ilish. Sinfdoshimni shunday qilishdi. U yangi ishga kelganida «topshirish – qabul qilish» bayonnomalariga imzo chekdi. Keyin inventarizatsiya o‘tkazilganida kamomad. U qamoqqa yo‘l oldi», deb eslaydi u.

Armiyada mayda-chuyda narsalar har doim o‘g‘irlangan. Masalan, Bryansk viloyati Klinsi shahridagi motoo‘qchi polkida xizmat qilgan Vladimir Morjakov va Yegor Medvedev o‘z harbiy qismidagi omborxonaga kirib, o‘g‘rilik qilishgan. Ular omborxona darvozasi zich yopilmasligidan foydalanib, uning ichiga kirib, ikkita furajka, bir juft etik va sport krossovkasi, uchta ich kiyim to‘plami va to‘rtta sport kurtkasini olib chiqishgan. Bu narsalarni pochta orqali qarindoshlariga yuborishgan. Ikkalasi ham «O‘g‘rilik» moddasi bo‘yicha sudlanib, kichik miqdorda jarimaga tortilgan.

Bryansklik motoo‘qchilarning bu «o‘ljalarini» so‘nggi yillarda «dunyoning ikkinchi armiyasi»dagi boshqa hamkasblari qilgan o‘g‘riliklar ko‘lami bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

2021 yil kuzida Oltoy o‘lkasidagi motoo‘qchi, harbiy qism brigadiri Yevgeniy Medvedev yangi kelgan chaqiriluvchilarni kiyim bilan ta’minlash uchun ombordan 106 ta issiq kurtka olgan. Ammo ularning faqat yarmi o‘z egalariga tarqatilgan. Qolgan 50 ta kurtkani qismdan olib chiqib, sotib yuborgan. Oxir-oqibat «O‘zlashtirish va talon-toroj qilish» moddasi bo‘yicha sudlanib, 200 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan.

Foto: ARKADY BUDNITSKY / ANADOLU AGENCY

Novosibirsk viloyatidagi harbiy qism ta’minot xizmati boshlig‘i, kapitan Vladimir Zaytsev ham katta miqdorda o‘g‘rilik qilgani uchun sudlangan. U ombor boshlig‘i Aleksey Churyukanov bilan birgalikda harbiy mulklarning noqonuniy savdosi bilan tizimli ravishda shug‘ullangan. Jumladan, ular 2019 yil aprel oyida 60 ta yozgi dala kostyumi va furajkasi, 50 ta ich kiyim to‘plami va 20 juft etikni harbiy qismdan olib chiqishgan. Yuklar ko‘pligi sababli o‘sha qism haydovchisi boshqaradigan KAMAZ avtomobilidan foydalanishgan.

Ular nafaqat forma va poyabzal, hatto ip, hojatxona qog‘ozi, 50 ming qog‘oz konvert, faks roliklari, 36 mingta shaffof faylik, suyuq sovunli idishlarni ham olib chiqishgan. Ular tomonidan sotilgan mulkning umumiy qiymati 1 million rublni tashkil etdi, ammo inventarizatsiya shuni ko‘rsatdiki, omborda 1,5 million rubl qiymatida kamomad aniqlangan.

Novosibirsk oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurti kapitani Dmitriy Nikitin o‘g‘irlangan narsalarni KAMAZ yuk avtomashinasida o‘z garajiga olib kelib, fuqarolarga sotib yuborgan. Uchalasi ham sud tomonidan jarimaga tortildi.

Moskva viloyati harbiy qismlaridan birining ta’minot xizmati boshlig‘i, kapitan Sergey Pudikov o‘g‘irlangan narsalarni o‘z shaxsiy mashinasida garajiga tashigan. 2016 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda u harbiy qismdan 80 ta qopda turli xil kiyim-kechak va poyabzallarni olib chiqqan.

U birinchi marta harbiy mulkni (140 ta yomg‘irpo‘sh va 30 ta ko‘ylak) olib chiqayotganida, qo‘l ostidagi xodim uni qayerga olib ketayotganini so‘raydi. Pudikov shunchaki omborga olib borib, boshqa o‘lchamdagisiga almashtirmoqchi ekanini aytadi. Keyinchalik, «hali boshqa o‘lchamdagisi omborga kelmapti» degan bahonalarni aytib, mulkni qaytarmagan. O‘g‘irlangan mulk miqdori hisobga olinib, u 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi va kapitanlik unvonidan mahrum etildi.

O‘tgan yillarda qanday o‘g‘irlik qilingan

Sud statistikasi shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi davrda kiyim-kechak omborlaridan mol-mulkni o‘g‘irlash yoki o‘zlashtirish holatlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari soni yiliga 70-100 tani tashkil qilmoqda.

Bunday o‘g‘riliklar 10 yil oldin ham bo‘lgan. 2000-yillarning oxirida, Novosibirsk viloyati harbiy qismlaridan birida katta miqdorda kamomad aniqlangan. Unda deyarli 2 mingta sport sumkasi, 200 juft etik, 1200 ta yozgi kostyum, 300 ta qozoncha va 100 ta flyaga yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Omborga mas’ul qilib tayinlangan praporshik Andrey Zorin bu narsalar qayerda degan savolga faqat yelkasini qisib qo‘ygan. U omborni har doim qulflab yurganini, unga o‘g‘rilikka tushish holatlari qayd etilmaganini, ammo muddatli xizmatchilar kirib-chiqib turganini, ularni yaxshilab kuzatmaganini, yo‘qolgan narsalarni ular olgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. 2010 yilda sud Zorinni «mansabga sovuqqonlik bilan qarash» moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortgan (o‘sha davrda ming dollar). Harbiy xizmatdan bo‘shatilgandan so‘ng Zorin qo‘riqchi bo‘lib ishlagan.

Foto: ARKADY BUDNITSKY / ANADOLU AGENCY

2007-2009-yillarda Abakan harbiy qismlaridan birining ta’minot xizmati boshlig‘i Dmitriy Drozdov shaxsiy ehtiyojlari uchun harbiy mulkdan oz-ozdan olib turgan – ba’zan ikkita uyqu sumkasi, bir juft shim yoki etik. Bir safar esa o‘zini tutib turolmasdan, 45 juft etikni olib ketgan. Sud uni 60 ming rubl jarimaga tortgan.

2009 yilda Uzoq Sharqda Tinch okeani flotining kiyim-kechak omborini tugatish haqida qaror qabul qilingan. Uning boshlig‘i Aleksey Valevskiy shundan foydalanib, soxta hujjatlar asosida mulkning bir qismini boshqa, soddalashtirilgan xavfsizlik rejimiga ega omborga olib borishni buyurgan. Tanishi esa u yerdan 6 oy davomida mulklarni shaxsiy mashinasida olib chiqish bilan shug‘ullangan. Talon-toroj qilingan mulklar ro‘yxatida 5 mingta jilet, 4 ming juft etik, 2,5 yarim ming mo‘ynali qo‘lqop bor. Valevskiy sudda buni o‘z boshliqlarining manfaatini ko‘zlab, mansabda o‘sish uchun qilganini aytdi. Biroq qaysi boshliq bunga buyurganini aytmadi va 4,5 yilga qamaldi.

2015-2016-yillarda Ulyanovsk viloyatidagi harbiy qism omboridan ham xuddi shunday ko‘lamdagi mulklar, 2 ming juft ich kiyimi va futbolka, 13 ming juft paypoq, shuningdek, 200 dona uyqu sumkasi o‘g‘irlangan. Hozir safarbar qilinganlardan aynan shu narsalarni o‘z mablag‘i hisobidan sotib olish so‘ralmoqda. Narsalarni olib chiqish uchun MAZ yuk mashinasidan foydalanilgan. Hujjatlar qalbakilashtirilgan.

Irkutsk viloyatidagi harbiy-havo kuchlari qismlaridan birining kapitani Igor Chebotarev o‘g‘irlikni yashirish uchun nafaqat haqiqiy, balki soxta harbiy xizmatchilar nomiga narsalarni rasmiylashtirgan. Narsalar KAMAZ yuk avtomashinasida olib chiqilgan. Kapitan bor-yo‘g‘i 15 qop narsa bo‘lganini aytdi, lekin haydovchi har safar yuk mashinasi to‘la bo‘lganini, harbiy qismdan har safar 50-60 ta qop olib chiqilganini ta’kidladi. 2014 yilda Chebotarev qamoq jazosiga hukm qilindi.

Boshqa mulklar qanday o‘g‘irlangan

Rossiya harbiy qismlaridan nafaqat poyabzal va kiyimlar, balki himoya vositalari ham yo‘qolmoqda.

Hozir safarbar qilinganlar o‘qdan himoya qiluvchi jiletlarni sotib olishga majbur, Rossiya armiyasida ularning jiddiy tanqisligi bor. Agar o‘g‘riliklarning oldi olinganida yetarli bo‘lishi mumkin edi. Nijniy Novgorod viloyatidagi tank brigadasining serjanti Ivan Andreyev 2017 yilda harbiy qismdan deyarli 50 ta jiletni olib chiqqan. U sezdirmaslik uchun armiya mulkini derazadan tashlagan yoki zambilga yuklab, asosiy darvozadan chiqargan.

Foto: SEFA KARACAN / ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

2018 yilda Buryatiyaning Kyaxta shahridagi motoo‘qchi qismdan 20 ta o‘q o‘tkazmaydigan jilet va zirhli dubulg‘alar yo‘qolgan. Rota komandiri nima qilishni bilmay turganida, brigadir Artyom Akimov xuddi shunday narsalarni arzon sotuvchi tanishi borligini aytgan. Ofitser kamomadning o‘rnini tezroq qoplash maqsadida unga 40 ming rubl o‘tkazgan. Shundan so‘ng nima voqea yuz bergani noaniq, ammo jilet va dubulg‘alar omborga topshirilmagan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, komandir harbiy tergov organlariga brigadirning firibgarligi haqida shikoyat qilgan.

Harbiy qismlardan bundan ham kattaroq mulklar olib chiqilgan holatlar bor.

Hatto kremlparast harbiy muxbirlar ham yonilg‘i-moylash materiallarining (YoMM) dahshatli tanqisligi haqida yozishadi. Tashlab ketilgan rus texnikalari miqdori ko‘pligi asosan yonilg‘i tugab qolgani bilan izohlanadi. Chunki YoMM o‘g‘irlash juda keng tarqalgan hodisa.

Oltoy o‘lkasi qismlaridan birining moddiy-texnika ta’minoti katta texnigi Aleksey Kudelya 2019 yilda GAZ xizmat yuk mashinasida muntazam ravishda dizel yoqilg‘isini o‘g‘irlagan – u ikki yoki uchta bochkadan olib chiqqan va yakunda o‘z armiyasini 2,5 ming litr solyarkadan mahrum qilgan. Bir qismini sotgan, boshqasini shahar tashqarisidagi uyida saqlagan. Bundan tashqari, qariyb 2 ming tonna yem-xashak va turli ehtiyot qismlarni o‘g‘irlagan.

Yoqilg‘i o‘g‘irlash – tank harbiy qismlarida xizmat qiluvchilar orasida juda keng tarqalgan jinoyatdir. Harbiy ekspertning aytishicha, ba’zi qismlarda tanklarni saqlash va ishlatish uchun ajratilgan mablag‘ yillar davomida arzimagan miqdorga tushib qolgan.

«Yetib borgan mablag‘lar avval pastroq darajada o‘g‘irlangan, qolganlari esa faqat tanklarni bo‘yashga sarflangan. Yonilg‘i-moylash materiallari ham o‘g‘irlangan, shuning uchun tanklar yillar davomida hech qayoqqa siljimagan. Ular buzilib, yaroqsiz holga kelgach, ichidagi qimmatli jihozlar talon-toroj qilingan. Shu sababli Rossiya tankchilarining hujumga o‘ta olmasligi ajablanarli holat emas».

Buni sud qarorlarida ham ko‘rish mumkin. 2020 yilda Buryatiyadagi qismlardan birining saqlash bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sergey Novikov o‘z qo‘l ostidagilarga T-72 tanklaridagi 38 ta stabilizator ta’mirlashga muhtoj ekanini aytib, ularni yechib olishni buyurgan. So‘ngra sumkada olib chiqib, 200 ming rubldan sotgan. Ularni qo‘lga kiritgan shaxs Armanistonga olib o‘tmoqchi bo‘lganida chegarada ushlangan.

Foto: AFP

Voronej viloyatidagi jangovar baza komandiri Leonid Goyxman harbiy texnika uchun mo‘ljallangan ikkita yangi dvigatelni sotish orqali pul ishlashga qaror qilgan. Sxema juda ayyorona edi: 2018 yil oxirida u yangi dvigatellar o‘rniga omborga eski dvigatellarni qo‘ygan. Buning uchun Goyxman yarim million rubl oladi, uning 50 mingini kelishuvdan xabardor bo‘lgan ombor mudiriga beradi.

Biroq boshqa harbiy xizmatchilar buni bilib qolishgan, hatto eski dvigatellarni yaroqli qilib ko‘rsatish uchun tozalab turishgan. Omborga tekshiruvchilar kelganida, Goyxman dvigatellar turgan joyni boshqa mulk bilan yopishga buyurgan. Ammo inspektorlar baribir bu burchakka yetib borishgan. Komandir ham, ombor boshlig‘i ham sudlangan. Sud ularning jangovar tajribasi va medallari borligini hisobga olib, faqat jarimaga tortish bilan cheklangan.

Harbiylar iqtisodiy moddalar bo‘yicha qanday sudlangan

Iqtisodiy jinoyatlar 2014 yildan beri, 8 yil davomida Rossiya armiyasiga hamroh bo‘lgan darddir.

«Armiyada o‘g‘irlik qilish hali ham oson va bu o‘g‘irlikning darajasi ham turlicha», - deydi ismi sir qolishini so‘ragan harbiy jurnalist va zaxiradagi ofitser. Bir-ikki mayda narsalarni uyga olib ketish boshqa, narsalarni KAMAZ avtomashinasiga yuklab olib chiqish boshqa, milliardlab mablag‘larni o‘g‘irlash esa umuman boshqa daraja.

«Pravosudiye» davlat axborot tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 8 yil davomida yiliga mingga yaqin harbiy xizmatchi o‘g‘irlik bilan qo‘lga olingan va ko‘pincha o‘z sherigining mobil telefonini o‘g‘irlab.

12 mingdan ortiq hukm firibgarlik bo‘yicha chiqarilgan. 2018 va 2019-yillarda esa yiliga ikki mingdan ortiq harbiy shu modda bo‘yicha sudlangan.

700 dan ortiq kontraktchi, shu jumladan komandirlar ham talon-toroj qilishda ayblangan.

Muammolardan biri – mulkni hisobga olishning zamonaviy tizimlari, ya’ni ombor dasturlari yo‘qligi, deydi harbiy jurnalist. «Hatto yonilg‘i-moylash materiallari bo‘yicha hisob yuritilmaydi, ularsiz jang qilishning iloji yo‘q. Hammasi hali ham daftarga yozib boriladi. Agar daftar bo‘lgan taqdirda ham, unda yozilgan raqamlar bilan okrug bo‘yicha raqamlarni taqqoslash qiyin. Hamma shaffoflik juda oz bo‘lishidan manfaatdor, hech kim o‘g‘irlik bilan kurashmaydi».

Va sud statistikasi, katta ehtimol bilan korrupsiya muztog‘ining faqat uchini aks ettiradi.

So‘nggi yillarda Rossiya armiyasining shaffofligi doimiy ravishda pasayib bordi va 2022 yilga kelib, armiya butunlay yopiq tizimga aylandi, deydi «Transparency International – Rossiya» bosh direktori Ilya Shumanov. Davlat xaridlari ochiq emas, daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyalar e’lon qilinmaydi va Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarida korrupsiyaga qarshi mustaqil tekshiruv olib borganlik uchun «chet el agenti» tamg‘asi bosilishi yoki hatto xiyonatda ayblanishi mumkin, deydi u. Barcha holatlarda ma’lumotni yashirish uchun asosiy dalil bir xil – maxfiylik.

Bularning barchasi yakunda o‘g‘irlik va korrupsiyaning hech bo‘lmaganda kamaymasligiga yordam beradi, deydi Shumanov.

«Safarbar qilinganlarga hech narsa qolmaganidan hayron emasman, chunki bu narsalar qanday saqlanganini bilaman», deydi novosibirsklik sobiq praporshik Andrey Zorin.

10 yil oldin u «mansabga sovuqqonlik bilan qarash» moddasi bo‘yicha sudlangan. U muhim zaxiralar uchun javobgar edi, lekin uning so‘zlariga ko‘ra, mol-mulk miqdorini hisobini yuritmagan, o‘zidan oldingi o‘g‘irliklarni uning bo‘yniga ilishgan.

«Buyruqlar og‘zaki bo‘lgan. Men ta’tilda edim, omborda nima sodir bo‘lganini bilmayman. Keyin esa - «mansabga sovuqqonlik bilan qarash» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Ishdan bo‘shatildim, nafaqagacha 5 yil bor edi. Uyim yo‘q, ko‘chada qoldim», deydi 44 yoshli Zorin hissiyotga berilib.

«Chaqiruv qog‘ozi? Chaqiruv kelsa ham bormayman, armiyadan ranjidim, nega xizmat qilishim kerak, nima uchun? Men xizmat qildim, ammo bo‘ynimga birovning jinoyatini ilishdi».

Agar Zorin to‘satdan chaqirilsa va urushga ketsa, safarbar qilinganlar bilan bir xil vaziyatga tushib qolishi mumkin – ularning qarindoshlari nafaqt zirhli jilet, balki poyabzal ham sotib olmoqda.

«Kiyim-kechak, etik, forma, paypoq, ich kiyimlar, ryukzak uchun 30 ming rubl sarfladik. Tabletkalar, oziq-ovqat uchun alohida pul to‘ladik», deb ijtimoiy tarmoqlarda shikoyat qildi safarbar qilinganlardan birining rafiqasi.

«Agenstvo» nashri Omsk yaqinidagi Cheryomushki qishlog‘idan olingan videoni e’lon qildi. Unda safarbar qilinganlar elektrsiz, «burjuyka» pechka o‘rnatilgan chodirlarga joylashtirilgani ko‘rsatilgan. Ularga hech qanday kiyim-bosh berilmagan, tashqaridagi harorat esa nol darajadan past. Omsk viloyatidan olingan yana bir fotosuratda o‘nlab karavotlar o‘rnatilgan angar ko‘rsatilgan. Nashrning ta’kidlashicha, safarbar qilinganlarning bir qismi Svetliy qishlog‘idagi Havo-desant kuchlarining 242-o‘quv markaziga, 1000 o‘rinli angarga joylashtirilgan. Ko‘ngillilar esa ularni ta’minlash uchun mablag‘ to‘plash jarayonini e’lon qilishgan: uyqu sumkalari va matraslardan tortib, teplovizorlar va kvadrokopterlargacha.

Xuddi shu holat o‘zini o‘zi e’lon qilgan LXR va DXR hududida safarbar qilinganlar bilan ham bog‘liq. U yerda ham qarindoshlari hamma narsani – etikdan tortib, tungi ko‘rish moslamalarigacha sotib olishgan.

«Biz vatan uchun o‘g‘irlik (voruyem) qilamiz», - deb yanglishib gapirib yubordi «DXR xalq militsiyasi» vakili Eduard Basurin «Rossiya» telekanali efirida. U har holda vatani uchun «kurashayotganini» (voyuyem) nazarda tutgan bo‘lsa kerak.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top