16:08 / 18.10.2022
8320

Kreml: safarbar qilinganlar soni 300 mingdan oshmasligi kerak

Rossiyada safarbar qilinganlarning umumiy soni prezident farmoni bilan belgilangan ko‘rsatkichdan oshmasligi kerak. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti

Kreml rasmiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu chegara 300 ming kishini tashkil etishi lozim.

«Farmonda belgilangan umumiy sonni oshirish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Belgilab qo‘yilgan ko‘rsatkich 300 ming kishini tashkil qiladi», - dedi Peskov Mudofaa vazirligi safarbarlik bo‘yicha topshiriqlarni bajarib bo‘lgan hududlarga yangi ko‘rsatkichlarni belgilashi va yangi vazifalar yuborishi mumkinmi, degan savolga javoban.

Shu bilan birga, e’lon qilingan rasmiy hujjatlarda safarbar qilinganlar soni ko‘rsatilmagan - Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bu raqam Putin farmonining yettinchi bandida belgilab qo‘yilgan, u ochiq ko‘rsatilmagan. 

O‘z navbatida, 300 ming kishilik chegara mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan belgilangan.

Bundan oldin Davlat dumasi qo‘mitasi «Rossiyada safarbarlik to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritishni taklif qilgandi. 

U qabul qilingan taqdirda, og‘ir jinoyatlar uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki sudlangani o‘talmagan shaxslar jangovar harakatlarda qatnashish uchun safarbar etilishi mumkin.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top