17:10 / 26.10.2022
4903

Oldin bemorga bergudek dori yo‘q edi, endi xalqimiz talab qilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish vaqti keldi – Shavkat Mirziyoyev

Bugun, 26 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida joylashgan tibbiyot muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi va sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazmoqda.  

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Bugun ko‘tariladigan barcha masalalar bo‘yicha hokimlarning vazifasi qanday bo‘lishi kerak, Prezident sifatida men yana nimalarni hal qilib berishim lozim, degan savollar bo‘yicha ham sizlar bilan atroflicha gaplashib olamiz.

Tibbiyot sohasidagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri, bu – malakali tibbiy xizmatlarning har bir xonadonga kirib borishini ta’minlashdan iborat.

Jumladan, joriy yilda yangi 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar, mingta mahalla tibbiyot punktining tashkil etilgani ham, ana shu maqsad yo‘lidagi amaliy ishlardir. 

Bu orqali, 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi. Eng katta masala – pastga tushib, profilaktika bilan shug‘ullanish kerak. Bunga hammamiz mas’ul va javobgardir.

Ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida, aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi.
“Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 ming 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi.

Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Bunga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi esa, o‘tgan yilga nisbatan 3 baravar oshirildi (188 milliard so‘mdan 540 milliard so‘mga). Bu chakana raqam emas. Oldin bemorga bergudek dori ham yo‘q edi. Endi sizlarga sharoit yaratyapmiz. Xalqimiz talab qilgan xizmat ko‘rsatish vaqti keldi”, – davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top